Taqdimot avvalida Tojikiston Milliy kutubxonasi direktorining oʻrinbosari Gadobek Mahmudov bilan muloqot boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida ikki mamlakat kutubxonalari oʻrtasida aloqalarni faollashtirish, hamkorlikda adabiy kechalar tashkil etish, oʻzbek adabiyoti vakillarining Tojikistonga, tojik adabiyoti namoyondalarining Oʻzbekistonga ijodiy safarlari yuzasidan fikr almashildi.

“Oʻzbekistonga oid xorijdagi qoʻlyozma asarlar reyestri. Tom 1” kitob taqdimoti chogʻida ushbu risolaning yaratilish tarixi haqida batafsil maʼlumot berildi.

Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi “Oʻzbekistonga oid xorijda saqlanayotgan madaniy boyliklar reyestrini yaratish, nodir qoʻlyozma asarlarning faksimilesini nashr etish” mavzusidagi ilmiy loyiha doirasida chet mamlakatlarda saqlanayotgan yurtimizga oid qoʻlyozmalar haqidagi ilmiy tadqiqotlarning dastlabki qismini oʻz ichiga qamrab olgan ushbu kitobda dunyoning turli mamlakatlarida saqlanayotgan 1001 ta qoʻlyozma asar haqidagi maʼlumotlar kiritilgani tojik tomonida katta qiziqish uygʻotdi.

Tojikiston Milliy kutubxonasi direktori oʻrinbosari Gadobek Mahmudovning taʼkidlashicha, katta mehnat sarflangan va yozma manbalar asosida tuzilgan ushbu kitob tarixchi olimlar, tarixni sevadigan yoshlar uchun katta boylikdir. Unga koʻra, kitob nafaqat Oʻzbekiston olimlari, balki butun Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixchilari uchun muhim ahamiyatga ega.

“Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekiston madaniy merosini chuqur oʻrganish va uni umumbashariy madaniy boyliklar sirasida tutgan oʻrnini mustahkamlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur kitob nashri fikrimiz isbotidir”, - dedi G.Mahmudov.