Oʻzbekistonga qariyb 200 mln soʻmlik zargarlik buyumlari olib kirilishining oldi olindi

    Toshkent viloyati “Farhod” chegara bojxona posti orqali zargarlik buyumlarini noqonuniy tarzda olib oʻtmoqchi boʻlganlar ushlandi.

    Bu haqda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi.

    Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan qoʻshni davlatdan yurtimizga oʻtish uchun “Farhod” chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan ikki nafar fuqaro harakatlari bojxona xodimlarining diqqatini tortdi va shaxsiy koʻrikdan oʻtkazilish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

    Shaxsiy koʻrik natijasida, ogʻzaki soʻrovda maʼlum qilinmagan va yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida yozib koʻrsatilmagan fuqaroning birida eginidagi shimining choʻntagida 137 gr. quyma oltin metalli va u bilan birga harakatlanib kelgan ikkinchi fuqaroning qoʻl sumkasidan 130 gr. zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.

    Aniqlangan huquqbuzarlik holatida dastlabki hisob kitoblarga koʻra 195 mln soʻmlik tilladan yasalgan qoʻyma va zargarlik buyumlari borligi fosh etildi.

    Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.