“O'zbekistonga sayohat” nomli kitob taqdimoti

    Kitob doktor Muhyiddin ibn Muhammad Avvoma qalamiga mansub

    Mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotgani natijasida diyorimizga kelayotgan sayyohlar soni kundan-kunga ortib borayotgani, ular orasida Islom olamida o'zining munosib o'rniga ega bo'lgan olimlarining ham borligi bizga iftixor bag'ishlaydi.

    Xususan, 2018 yil mashhur muhaddis Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh boshchiligidagi mehmonlar yurtimizga tashrif buyurgani ajoyib voqea bo'lgan edi. Ushbu tashrifda qiblagohiga hamrohlik qilgan Muhyiddin ibn Muhammad Avvoma safar davomida olgan taassurotlarini jamlab, “O'zbekistonga sayohat” nomli asarni ta'lif etdi.

    O'zbekiston musulmonlari idorasida ushbu kitob taqdimotiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi. Unda taniqli ulamolar, imom-xatiblar va mudarrislar, talabalar, media soha vakillari, jamoatchilik qatnashdi.

    Taqdimot tadbiri Qur'on tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi. O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov keyingi yillarda mamlakatimizda ziyorat turizmini rivojlantirish, mavjud ulkan turizm salohiyatidan yanada to'liq va samarali foydalanish bo'yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.

    Ma'lumki, yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirish uchun dunyoning hech bir chekkasida uchramaydigan ko'plab noyob madaniy meroslar, osori-atiqalar, allomalarimiz qo'nim topgan maqbara va ziyoratgohlar mavjud. O'zbekiston qadimdan ilm-ma'rifat markazi, butun jahonga allomalar, buyuk olimlarni kamolga etkazgan zamin bo'lgani tadbirda alohida qayd etildi. “O'zbekistonga sayohat” nomli asar shu jihatlarni o'ziga qamragani bilan ahamiyatlidir.

    Tadbirda doktor Muhyiddin Avvoma mazkur asarni yozishga bo'lgan asosiy omillar, uning tarkibiy qismlari, keltirilgan zamin allomalarining hayotlari va faoliyatlari, ilmiy safarlari, dunyo kezgan bo'lsalar-da, o'z ona yurtlariga qaytib, o'zlari ulg'aygan Vatan tuprog'iga dafn etilganlari kabi ibratli voqealarni izohlab berdi.

    Tadbirda so'zga chiqqanlar ushbu kitobda ziyorat davomida tashrif buyurgan har bir olimning tarjimai hollari ham keltirilgani, yurtimiz, allomalarimiz dovrug'ini yanada ko'proq dunyoga taratishga xizmat qilishi kabi muhim jihatlariga alohida to'xtalib o'tdilar.

    Nodir Mahmudov