Xalqaro turizm kompaniyasi Expedia Group maʼlumotlariga koʻra, iyun oyida mamlakatga sayohatlar bilan bogʻliq qidiruvlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 54 foizga oshgan. Shu bilan birga, rasmiylashtirilgan bronlar soni ham koʻpaygan. Bu esa foydalanuvchilarning qiziqishi amaliy sayohat rejalashtirish bosqichiga oʻtayotganini koʻrsatadi.

Expedia Group onlayn sayohatlar sohasidagi dunyoning eng yirik kompaniyalaridan biri hamda xalqaro turizm talabi boʻyicha eng ishonchli maʼlumot manbalaridan hisoblanadi. Platforma tarkibiga Expedia, Hotels.com, Vrbo, Travelocity, Orbitz, CheapTickets, Hotwire va boshqa brendlar kiradi. Expedia Group platformalaridan har yili dunyo boʻylab 300 milliondan ortiq sayohatchi foydalanadi. 2025-yil yakunlariga koʻra, kompaniya platformalari orqali amalga oshirilgan yalpi bronlar (gross bookings) hajmi 100 milliard AQSh dollaridan oshgan. Yillik bronlar hajmi 400 milliondan ortiq tunashni oʻz ichiga oladi. Kompaniya dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidagi 3 milliondan ziyod joylashtirish obyektlari, aviakompaniyalar, turoperatorlar va boshqa turizm xizmatlari yetkazib beruvchilari bilan hamkorlik qiladi.

Talabning oʻsishi bronlashning asosiy koʻrsatkichlarida ham oʻz aksini topgan. Iyun oyida Expedia Group orqali Oʻzbekistonga sayohatni bron qilgan sayohatchilar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 45,6 foizga oshgan. Xarid qilingan aviachiptalar soni 23 foizga oshgan.

Expedia Group platformalari foydalanuvchilari orasida Oʻzbekiston uchun asosiy xorijiy bozorlar AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Germaniya va Fransiya boʻlib qolmoqda. Talabning eng yuqori oʻsish surʼatlari AQSh va Yaponiyada qayd etilgan. Yevropa mamlakatlari orasida esa Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya yetakchilik qilmoqda.

Mamlakat ichidagi eng ommabop yoʻnalishlar orasida Toshkent, Samarqand va Buxoro yetakchilikni saqlab qolmoqda. Shu bilan birga, Xivaga boʻlgan qiziqish ham ortib bormoqda. Soʻnggi bir yil ichida shaharning umumiy bronlar hajmidagi ulushi sezilarli darajada oshgani uning xalqaro sayohatchilar orasida tobora ommalashayotganidan dalolat beradi.

Dastlabki bronlar boʻyicha maʼlumotlar ham yaqin oylarda yuqori talab saqlanib qolishini koʻrsatmoqda. Expedia Group maʼlumotlariga koʻra, tasdiqlangan barcha bronlarning 82,9 foizi 2026-yil iyul–sentabr oylariga rejalashtirilgan sayohatlarga toʻgʻri keladi. Bu davr Oʻzbekistondagi yuqori turizm mavsumi arafasiga toʻgʻri keladi.

Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishning ortishi xalqaro aviaqatnovlar geografiyasining kengayishi, soʻnggi yillarda viza tartib-taomillarining soddalashtirilishi hamda mamlakatning xorijiy turizm bozorlarida faol targʻib qilinayotgani bilan izohlanmoqda.