Oʻzbekistonga sovuq antitsiklon kirib kelmoqda

    Yashil sayyora 19 Aprel 2021 1214

    Respublika Gidrometeorologiya xizmati boshlangan haftada kutilayotgan ob-havo maʼlumotini eʼlon qildi.

    Bugun Oʻzbekiston boʻyicha kam bulutli ob-havo boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Faqat Qoraqalpogʻistonning shimoliy tumanlarida baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin, baʼzi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayadi. Kunning oʻrtasiga kelib, havo 24-27° iliqgacha isiydi.

    20-21-aprelda Oʻzbekiston hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nam havo massalari, soʻng Ural hududlaridan deyarli sovuq antitsiklon kirib keladi.

    20-aprelda kunduz kuni Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida faqat baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻishi mumkin. Havo harorati kechasi 12-17° iliq, kunduzi 17-22° iliq atrofida boʻladi.

    21-aprelda respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda momaqaldiroq bilan kuzatiladi. Kunduzgi havo harorati 13-18° iliqgacha pasayadi.

    Respublikaning ayrim tumanlarida 20-21-aprelda shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi mumkin.

    Respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida 20-21-aprelda yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli boʻladi, sel kelishi xavfi bor.

    Ish haftasining ikkinchi yarmida Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha kam bulutli va quruq ob-havo boʻladi.

    22-aprelda sovuq antitsiklon periferiyasida harorat kechalari 3-8° iliqgacha pasayadi, kunduz kungi harorat esa asta-sekin koʻtarila boshlaydi va kunduzi havo 17-20° iliqgacha isiydi, 23-aprelda esa 22-25° iliqgacha koʻtariladi.

    Toshkent va Namangan viloyatlarining togʻli hududlarida 2200 m dan yuqorida qor koʻchishi xavfi bor.