баннер
Sayt test rejimida ishlamoqda
Лого Лого-пв-уз

    Oʻzbekistonga tekbol sport turi kirib kelmoqda

    Sport 25 Fevral 2021 517

    Bu sport turi sodda tilda aytganda, futbol va stol tennisi qorishmasi.

    Bugungi kunda butun dunyoda jadal suratlarda rivojlanib, ommalashib borayotgan tekbol sport turi tez orada rasman faoliyatini boshlaydi. Shu yilning oʻzidayoq Oʻzbekiston chempionati bahslarining oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi xabar berdi.

    Shu oʻrinda tekbol sport turi haqida maʼlumot berib oʻtamiz. Tekbolga 2014-yilda vengriyaliklar - sobiq professional futbolchi Gabor Borshani hamda kompyuter dasturchisi Viktor Xusar tomonidan asos solingan. Tekbol oʻzida stol tennisi va futbol sport turlarini mujassamlagan. Sodda tilda aytganda, futbol va stol tennisi qorishmasi.

    Toʻpni birgina qoʻl bilan oʻynab boʻlmaydi. Inson tanasining qolgan barcha aʼzolari bilan toʻpga teginish mumkin. Faqat toʻpga ketma-ket tananing bitta aʼzosi bilan zarba berilishiga ruxsat etilmaydi. Maqsad toʻpni raqib tomon maydonchasiga tushirish. Javob qaytara olmagan taqdirda zarba yoʻllagan jamoaga ochko yoziladi, xuddi stol tennisiga oʻxshab.

    Tarix uchun juda ham qisqa fursat - 6 yil mobaynida tekbol yaxshigina mashhurlik va ommaviylikka erishdi. Bugungi kunda tekbol Lionel Messi, Neymar, Alison, Ronaldinyo, Luish Figu, Simao Sabroza, Rober Pires, Shon Garne singari mashhur futbol yulduzlarining kundalik mashgʻulotiga aylangan. “Ayaks”, “Arsenal”, “Chelsi”, “Flamengo”, “Pari-Sen-Jermen”, “Real” kabi klublar tekbolni oʻz mashgʻulotlariga kiritishgan.

    Dunyo miqyosida qisqa fursatda ana shunday eʼtirofga erishgan tekbol tez orada Oʻzbekistonga ham kirib keladi. Rasmiy federatsiya faoliyati yoʻlga qoʻyiladi va albatta chempionat bahslariga ham start beriladi.