Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Dovud-ota” chegara bojxona postiga Rossiya Federatsiyasidan “Lada Largus” rusumli avtotransport vositasida kirib kelgan fuqaroning qoʻl yuklari va bagaji bojxona nazoratidan oʻtkazilganida, fuqaro pnevmatik toʻpponchani olib kelayotganligi aniqlandi. 

Bojxona nazorati davomida fuqaroga tegishli qora rangli sumka ichidan yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida yozib koʻrsatilmagan, bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovida maʼlum qilinmagan, tegishli ruxsatnomalarga ega boʻlmagan 1 dona 4.5 mm.li “Stalker” nomli pnevmatik toʻpponcha, 25 dona pnevmatik toʻpponcha gaz ballonlari hamda 1482 dona pnevmatik toʻpponcha oʻqlari borligi aniqlandi. 

Huddi shunday yana bir holatda “Dovud-ota” chegara bojxona postiga “LACETTI” rusumli avtotransport vositasida kirib kelgan fuqaro bojxona nazoratidan oʻtkazilganida esa, 1 dona “Ansar BRT 9 mm” nomli shovqinli toʻpponcha hamda  36 dona “9 mmli R.A.K” nomli rezina uchli patronlarni Rossiya Federatsiyasidan Qozogʻiston Respublikasi orqali Oʻzbekiston Respublikasiga olib oʻtayotganligi aniqlandi.

Eslatib oʻtamiz: Oʻzbekiston Respublikasiga pnevmatik qurollarni olib kirish Ichki ishlar Vazirligi tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi. Ruxsatnomaga ega boʻlmagan har qanday qurolni bojxona chegaralari orqali olib oʻtishga urinish javobgarlikka tortishga asos boʻladi.