Meducation brendi ostida ham faoliyat yurituvchi Janubiy Koreyaning Atlanticorea kompaniyasi Yevropaning tibbiyot universitetlariga talabalarni jalb qilish, oliy oʻquv yurtlariga kerakli hujjatlarni tayyorlash, imtihon va oʻqishga tayyorgarlik koʻrish kabi bir qator xizmatlar koʻrsatadi.
Atlanticorea kompaniyasi maslahatchisi Jastin Kim-Braun soʻzlariga koʻra, kompaniya Germaniya, Vengriya va Italiya oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlik qiladi. Atlanticorea talabalarga tibbiyot universitetlarining kirish imtihonlari va oʻquv jarayoniga tayyorgarlik koʻrish imkoniyatini taqdim etadi. Talabalar kirish imtihonlariga anʼanaviy va onlayn kurslar yordamida tayyorgarlik koʻrishlari mumkin.
Jastin Kim-Braun taʼkidlashicha, kompaniya xizmatlaridan Janubiy Koreya, Vyetnam, Eron va boshqa Osiyo mamlakatlari talabalari foydalanmoqda. Uning qoʻshimcha qilishicha, kompaniya mijozlari AKFA Universitetida taʼlim olishga qiziqishlari mumkin.
Shu bilan birga, Atlanticorea kompaniyasi AKFA Universiteti bilan talabalarning Yevropa klinikalarida amaliyot oʻtashi va Yevropa universitetlari bilan, jumladan Erasmus dasturi doirasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatishda koʻmak berishga tayyor.
AKFA Universiteti yuridik boʻlimi boshligʻi Iroda Siddiqova universitet tarixi va yangi fakultetlarni, jumladan tibbiyot yoʻnalishlarida, ochish boʻyicha rejalari haqida maʼlumot taqdim etdi. Uning soʻzlariga koʻra, 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab Janubiy Koreyaning Gachon Universiteti bilan hamkorlikda farmatsevtika, hamshiralik ishi va stomatologiya fakultetlari ochilishi rejalashtirilgan.
Taʼkidlanishicha, bugungi kunda AKFA Universitetida 23 xorijlik talaba taʼlim olmoqda va ularning aksariyat qismi Janubiy Koreya fuqarolaridir.