Mazkur hujjat kelgusida Germaniyaning Anxalt amaliy fanlar universiteti hamkorligida Oʻzbekistonda yangi, xalqaro standartlarga javob beradigan universitetni tashkil etishga qaratilgan amaliy qadamlarni boshlashni nazarda tutadi. Ushbu universitetni tashkil etish orqali mamlakatimizda injenerlik, kompyuter fanlari, sunʼiy intellekt va xalqaro biznes yoʻnalishlarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun zamin yaratiladi.
Gunnar Shelenberger universitetni “Oʻzbekiston–Germaniya amaliy fanlar universiteti” deb nomlashni taklif qildi hamda uning Vasiylik kengashiga Saksoniya Anxalt parlamenti raisi sifatida shaxsan ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu universitet bitiruvchilarining Germaniyada ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muzokaralar chogʻida, shuningdek, universitetni moliyalashtirish, moddiy-texnik bazasini shakllantirish va xalqaro hamkorlik mexanizmlarini joriy etish masalalari muhokama etildi, deb xabar beradi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.









