Oʻzbekistonlik agrar soha vakillari Los-Anjelesda safarda

    Agrosektor 15 Avgust 2022 2536

    Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi xodimlari, Toshkent Davlat Agrar universiteti jamoasi va Jizzax viloyatidagi Gʻallaorol texnikumi rahbariyatidan iborat delegatsiya Amerika Qoʻshma Shtatlarida xizmat safarida boʻlib turibdi.

    “Agrotexnikumlarni zamonaviy taʼlim muassasalariga aylantirish” loyihasi doirasida tashkillashtirilgan ushbu safar davomida qatnashchilar Los-Anjeles shahridagi “Reedley College” texnikumiga tashrif buyurdi. Uning direktori Dr. Jerry Bukley va direktor muovini Dale van Dam bilan boʻlib oʻtgan qizgʻin uchrashuvdan soʻng mehmonlar texnikum hududida joylashgan 60 gektardagi zamonaviy chorvachilik xonalari, intensiv va anʼanaviy bogʻlar, laboratoriyalar hamda amaliy mexanika yoʻnalishidagi jarayonlar bilan yaqindan tanishishdi.

    Uchrashuv mobaynida ikki tomonlama oʻquv rejalari va taʼlim dasturlarini tuzish, pedagog xodimlar tajribasini oshirish boʻyicha hamkorlikka erishishga kelishib olindi hamda Memorandum imzolandi.

    Ushbu safarning yana bir eʼtiborli jihati, mehmonlar Los-Anjelesning eng yirik xususiy intensiv bogʻiga tashrif buyurgani boʻldi. XIX asrda tashkil etilgan bogʻda hozirda uzum va shaftoli yetishtirilib, mahalliy va Yevropa bozorlarini sifatli mevalar bilan taʼminlayapti. Mezbonlar tomonidan bu kabi intensiv bogʻlarni tashkil etishning zamonaviy usullari xususan, ekish va sugʻorish tizimlariga oid koʻplab muhim maʼlumotlar taqdim etildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.