Bu haqda Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi xabar tarqatdi.
2023-yil avgust oyida Almati shahrida oʻtkazilgan armrestling boʻyicha jahon chempionati vaqtida oʻzbekistonlik Abror Rustamovdan olingan doping sinamasida sportda taqiqlangan Stanozolol metaboliti hamda degidroxlorometil-testosteron taqiqlangan moddalari aniqlangan.
Sportchining analizida taqiqlangan modda borligi boʻyicha sportchi ogohlantirilgan. Lekin A. Rustamov va uning vakillari tomonidan javob boʻlmaganligi sababli Jahon armrestling federatsiyasi qaroriga koʻra, bunday harakatizlik sportchining bu ijobiy doping natijasini qabul qilishi deb tushunilib, unga nisbatan 4-yil muddatga diskvalifikatsiya jazo chorasi qoʻllanildi.
Bu vaqt davomida A.Rustamov belgilangan muddat davomida terma jamoa safida oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari, har qanday turdagi sport musobaqalarida ishtirok etishi taqiqlanadi.
Milliy antidoping agentligi maʼlumotiga koʻra, bunday holatlarda sportchilar ogohlantirilishiga qaramay terma jamoa safida yigʻinlarga jalb qilinsa yoki ichki chempionatlarda ishtirok etadigan boʻlsa unga nibatan diskvalifikatsiya muddati uzaytirilishi, hattoki umrbod sportdan chetlatish chorasi qoʻllanilishi mumkin.
Aytish lozim, Stanozolol metaboliti hamda degidroxlorometil-testosteron anidoping qoidalarida mavjud taqiqlangan roʻyxatning S1 “anabolik agentlar” guruhiga kiradi. Stanozolol metaboliti Butunjahon antidoping agentligi tomonidan 2014-yildan beri sportda taqiqlangan moddalar roʻyxatiga kiritilgan.