Oʻzbekistonlik avtopoygachi BAAda boʻlib oʻtadigan Formula-4 chempionatida debyut qiladi

    Transport 19 Yanvar 2022 909

    Oʻzbekiston Milliy avtomobil klubi (OʻzMAK) Xalqaro avtomobil federatsiyasi – FIAning teng huquqli aʼzosi boʻlgach, hamyurtlarimiz uchun FIA shafeligida oʻtadigan musobaqalarda ishtirok etish imkoniyati oshdi.

    «Soʻzimizning tasdigʻi sifatida oʻzbekistonlik pilot Ismoil Ahmadxoʻjayev mamlakatimiz tarixida ilk bor Formula-4 chempionatida qatnashayotganligini aytish mumkin, deya yozmoqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.

    F-4 UAE Championship musobaqasi Xalqaro avtomobil federatsiyasi – FIA koʻmagida bir oy davomida Birlashgan Arab Amirliklarining ikki shahri – Dubay va Abu-Dabida oʻtkaziladi. Poygalar Formula-1 trassalarida, yaʼni “Yas Marina” va Dubay avtodromida tashkil etiladi.

    Eng yuqori xavfsizlik standartlariga rioya qilingan holda hamda xarajatlarni meʼyor darajasida ushlab turish orqali tashkil etiladigan F-4 UAE Championship chempionati yosh poygachilarga xalqaro miqyosda tan olingan trassalarda oʻz mahoratini oshirish hamda formula toifalarida oʻz faoliyatini boshlash uchun yetarli vaqt davomida mashq qilish uchun ideal platformadir. Dastlabki uchta mavsumda ishtirok etgan koʻplab avtopoygachilar allaqachon Formula-4 va Formula-3 boʻyicha Yevropa chempionatlarida oʻz omadlarini sinab koʻrishmoqda.

    F-4 UAE Championship chempionati Ismoil Ahmadxoʻjayevga oʻz iqtidorini koʻrsatish va kelajakda FIA super litsenziyasini qoʻlga kiritish uchun chempionlik ochkolarini jamgʻarish yoʻlida ajoyib imkoniyatdir», - deyiladi xabarda.

    Maʼlumot uchun, Formula-1 pilotlari FIAning super litsenziyaga ega boʻlishadi.