O'zbekistonlik ayol Interpol orqali BAAda qo'lga olindi

    Xavfsizlik 20 Mart 2023 1082

    U ayollarni noqonuniy yo'llar bilan fohishalik bilan shug'ullanish uchun Birlashgan Arab Amirliklariga jo'natish bo'yicha uyushgan jinoiy guruh tuzgan.

    Interpolning Toshkent va Abu-Dabidagi MMBlarining hamkorlikdagi harakatlari natijasida xalqaro qidiruvda bo'lgan jinoyatchining deportatsiya masalasi hal qilindi.

    Hamkorlikdagi tezkor-qidiruv harakatlar hamda o'zaro axborot almashinuvi, ikki davlat Interpol MMBlari rahbarlarining qidiruvni faollashtirish bo'yicha xalqaro konferentsiya doirasidagi muzokaralari tufayli odam savdosi bilan shug'ullanib kelgan va xalqaro qidiruvda bo'lgan jinoyatchi ayolning deportatsiyasi amalga oshirildi.

    Aniqlanishicha, u onasi va singlisi tomonidan izlangan, tergovda shaxsini aniqlashning imkoni bo'lmagan shaxslar bilan avvaldan til biriktirib, ayollarni noqonuniy yo'llar bilan fohishalik bilan shug'ullanish uchun Birlashgan Arab Amirliklariga jo'natish bo'yicha uyushgan jinoiy guruh tuzishgan. Jabrlanuvchilarni oilasi bilan ajrashgan va moddiy qiyinchilikka duch kelgan ayollar orasidan topishgan. SHu tariqa, uchinchi davlatlar orqali BAAga olib chiqib, jabrlanuvchilarga yaxshi ish va'da qilingan, biroq Dubayga etib kelgandan so'ng ularning pasportini olib qo'yishar va fohishalik bilan shug'ullanishga jo'natishardi.

    Shu tariqa, Inerpolning Toshkent va Abu-Dabidagi MMBlari o'rtasida o'tkazilgan kelishilgan harakatlar va kelishuv natijasida jinoyatchi hibsga olingandan so'ng O'zbekiston huquq-tartibot idoralariga topshirish uchun deportatsiya qilish to'g'risida qaror qabul qilindi.

    Interpolning O'zbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi