Jumladan, O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Germaniyaning “GfM Gruppe” ixtisoslashgan shirkati o‘rtasida erishilgan kelishuvga binoan 500 nafar yurtdoshlarimizni talab yuqori bo‘lgan sohalarda kasb taʼlimi olishi va mehnat qilishi loyihasi ustida amaliy ishlar bajarilmoqda.
Maʼlumot o‘rnida taʼkidlash joiz, 1984 yilda tashkil etilgan “GfM Gruppe” mamlakatning turli hududlarida joylashgan kasb-hunar taʼlimi muassasalarining keng tarmog‘ini tashkil qiladi. 500 dan ortiq malaka modullarini qamrab oladigan ushbu kasb-hunar o‘quv markazlarida turli faoliyat sohalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Xususan, shirkat o‘z tarkibida “Sky Academy” (kasb-hunar taʼlimi), “HR Arena” (salohiyatli yoshlarni yollash va kadrlar bilan ishlash), “GWP mbH” (ijtimoiy pedagogika), “WORKS GmbH” (chet elliklarning ijtimoiy integratsiyasi) va boshqa ixtisoslashgan muassasalarni birlashtirgan.
- Kompaniyamiz Germaniyaga turli dolzarb yo‘nalishlarda kasb taʼlimi olish va mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan g‘ayratli va salohiyatli yoshlarni jalb qilishga ixtisoslashgan. Bu yo‘nalishda xorijiy davlatlar bilan yaqin hamkorlik olib boramiz va O‘zbekiston bilan yaqinda o‘rnatilgan aloqalarimizdan mamnunmiz. O‘zbekistonda bir necha marta safar qilib shunga amin bo‘ldim-ki, mamlakatda shijoatli, harakatchan va tez o‘rganuvchan salohiyatli yoshlar yashaydi. Eng eʼtiborlisi, davlat yoshlarni qo‘llab-quvvatlab, ular uchun keng sharoitlar yaratib bermoqda. O‘zbekistonlik yoshlar uchun Germaniyada kasb taʼlimi olib, tibbiyot, atrof-muhitni muhofaza qilish texnologiyalari, hunarmandchilik, logistika va boshqa ko‘plab sohalarda yetuk mutaxasis bo‘lib yetishish imkoniyati mavjud, – dedi “GfM Gruppe” boshqaruv direktori Mattias Frayling.
Ushbu o‘quv yilidan bir guruh yurtdoshlarimiz Zangerxauzen shahrida joylashgan “Sky Pflegeakademie” kasb-hunar markazida o‘z faoliyatlarini boshladi. Kelgusida ushbu akademiyada 75 nafardan iborat o‘zbekistonlik talabalar guruhini tashkil etish rejalashtirilgan.
Ushbu markazda yangi o‘quv yilining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Saksoniya-Anxalt federal o‘lkasi Landtagi (parlament) prezidenti Gunnar Shellenberger tadbir ishtirokchilari va talaba yoshlar oldida so‘zga chiqib, ularning yaxshi bilim olishi, o‘z sohasining yetuk mutaxasislari bo‘lib yetishishi muhimligini taʼkidladi va yoshlarga muvaffaqiyatlar tiladi.
- Kasb-hunar markazimizda bu yil o‘zbekistonlik talabalarning birinchi guruhi shakllantirildi. Akademiyamiz xalqaro va madaniyatlararo turfa xillikka boy desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu o‘rinda talabalarimizning nemis tilida mustaqil muloqot qilishining o‘ta muhimligiga eʼtibor qaratmoqchiman. Talaba nemis tilini qanchalik yaxshi bilsa, tanlagan kasbining talablarini shunchalik tez o‘zlashtiradi, – dedi o‘quv yurti rahbari Syuzanna Mittag-Leshi. - Akademiyada nazariy va amaliy mashg‘ulotlar uyg‘un tarzda olib boriladi. Xususan, talabalar kasalxonalar va qariyalar uylarida amaliyot o‘tashadi, ambulatoriya, pediatriya va palliativ yordam bo‘limlari faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Yana bir muhim jihati, “Sky Pflegeakademie” diplomlari xalqaro miqyosda ham tan olinadi.
Ziyodullo Alohiddinov (Andijon viloyati):
– Men ushbu o‘quv yurtida umumiy tibbiy parvarish sohasida o‘quv va mehnat faoliyatimni boshlaganimdan juda xursandman. Germaniyadagi kasb taʼlimining afzalligi shundaki, men o‘rganganlarimni bir vaqtning o‘zida amaliyotda ham qo‘llab boraman. Shunda nazariy bilimlarimni amaliyotda qo‘llash orqali, o‘z ustimda ishlayman va kasb tajribamni ham orttirib boraman. Bularni barchasi sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishimda muhim ahamiyatga ega.
Maftuna Ahmedova (Farg‘ona viloyati):
- Bu yil Farg‘onadagi akademik litseyni tamomlab, “Sky Pflegeakademie” kasb-hunar markaziga qabul qilindim. Ushbu kasb-hunar dargohida o‘qish mobaynida shifoxonada ham amaliyot o‘tashim mumkin ekan. Bu tanlagan sohamni tezroq o‘zlashtirishga yordam beradi.