Oʻzbekistonlik bolalar Ozarbayjondagi xalqaro festivalda Gran-pri sohibi boʻldi

    Ta'lim 19 Iyun 2025 1123

    Ozarbayjonning Baku shahrida II “Viva Azerbaijan” xalqaro tanlov-festivali boʻlib oʻtyapti.

    Madaniyat vazirligi maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston nomidan ishtirok etgan “Tomosha“ bolalar musiqiy teatr-studiyasi mazkur tanlovning Gran-pri sohibi boʻldi.

    Gruziya, Mongoliya, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, BAA vakillari qatnashgan ushbu tanlovda “Tomosha“ teatr-studiyasi oʻzbek milliy urf-odatlari bilan bir qatorda turli millatlar madaniyatini oʻz ichiga olgan teatrlashtirilgan folklor tomoshasini namoyish etdi.

    Eng oliy oʻringa loyiq koʻrilgan hamyurtlarimizning dasturi butun dunyodan yigʻilgan tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻlib, mutaxassislar tomonidan tanlovning eng chiroyli va yorqin chiqishi deya eʼtirof etildi.

    Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Nodira Qurbonova rahbarligidagi “Tomosha“ bolalar musiqiy teatr-studiyasining yosh ijodkorlari 2024-yilda Dubay shahrida oʻtkazilgan “Dubai Grand Festival” xalqaro bolalar teatrlari tanlovida ham Gran-pri sohibi boʻlgan edi.