Oʻzbekistonlik charm ustalarining “Elite Line-2022” xalqaro koʻrgazmasidagi ishtiroki samarali davom etyapti

    Biznes 11 Avgust 2022 1185

    Qozogʻistonning Olma-ota shahrida “Elite Line-2022” xalqaro koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi. Mazkur yirik anjumanda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo 25 dan ortiq kompaniya jamoaviy stend bilan oʻz mahsulotlarini namoyishga qoʻygan. Oʻzbekiston ekspozitsiyasidan 1 200 ortiq turdagi mahsulotlar oʻrin oldi.

    Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerak, “Elite Line” xalqaro koʻrgazmasi uchinchi bor tashkil etilayotganiga qaramasdan unda ishtirok etish istagida boʻlgan brendlar va kompaniyalarning soni 500 dan oshgan. Dunyoning 50 dan ortiq davlatidan kelgan charm-poyabzal va moʻyna mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar dastlabki kundan biznes muloqotlarga kirishdi.

    Mazkur koʻrgazmaning yana bir afzalligi bu yerda Qozogʻistonning yirik bayerlari ishtirok etishidadir. Ular ayni yoʻnalishda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha muzokaralarga kirishadi.

    Koʻrgazmaning dastlabki kuni boʻlishiga qaramasdan mamlakatimizda ishlab chiqarilgan charm-poyabzal mahsulotlariga qiziqish yuqori. Xususan, Xorazmda joylashgan “Darital” korxonasi Olma-otalik ulgurji savdo vakillari bilan muloqot oʻtkazdi. Uchrashuvda korxonaning erkaklar poyabzallariga katta qiziqish bildirildi. Olma-otaga eksport qilish masalasi koʻrib chiqildi.

    Shuningdek, Fargʻonada joylashgan “Merrwill” korxonasi esa Oqtau shahrida joylashgan savdo tarmogʻi vakillari bilan bolalar poyabzallarini Qozogʻistonga yetkazib berish boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi. Mahalliy korxonamiz tomonidan ishlab chiqarilgan bolalar poyabzallarining sifati va narxi qozogʻistonlik tadbirkorlarga maʼqul boʻldi. Koʻrgazmaning navbatdagi kunida eksport shartnomasini imzolashga kelishib olindi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.

    “Elite Line-2022” xalqaro koʻrgazmasi doirasidagi muloqotlar davom etadi.