Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Shveytsariyaning “Globogate Concept AG.” tashkiloti o'rtasidagi hamkorlik kelishuviga asosan tajribali tibbiyot xodimlarini Germaniya sog'liqni saqlash muassasalariga ishga jalb qilish dasturi ishlab chiqilgan. Bu haqida Sog'liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Unga ko'ra, nomzodlarga quyidagi talablar qo'yilgan:
✅ Umumiy hamshiralik uchun ish tajribasi — shifoxonaning turli bo'limlarida kamida 4 yil, reanimatsiya va intensiv terapiya yo'nalilishida esa 2 yil (faqat bemorlarni parvarishlagan) bo'lishi;
✅ 39 yoshdan oshmagan bo'lishi;
✅ shifoxonada ish tajribasiga ega bo'lishi (stomatolog, o'qituvchilik va dorishunoslik, ginekologiya, shoshilinch tez tibbiy yordam, pediatriya, poliklinika-patronaj, akusherlik sohasida ishlagan nomzodlar qabul qilinmaydi);
✅ sudlanmaganlik;
✅ jismonan va ruhan sog'lomlik;
✅ tibbiyot kolleji (faqat 3 yillik diplom yoki oliy ma'lumotli hamshiralik)ni tamomlagan bo'lishi;
✅ bemorlarga g'amxo'rlik qilish qobiliyatiga ega bo'lishi;
✅ Toshkent shahrida tashkil etiladigan nemis tili kurslarida 10 oy davomida o'qish (2 bosqichli tanlovlardan muvaffaqiyatli o'tgan nomzodlargina dasturda ishtirok etadi);
✅ nomzodlar nemis tili kurslarida qatnashayotgan vaqtda mehnat faoliyati bilan shug'ullanmasligi;
✅ Toshkent shahridagi Gyote instituti imtihonlaridan muvaffaqiyatli o'tishi;
Loyihada ishtirok etish istagida bo'lgan fuqarolarga quyidagi sharoitlar yaratib beriladi:
Toshkent shahrida bepul turarjoy;
o'quv xonasi;
oylik stipendiya.
Shuningdek, "Globogate Concept AG." quyidagi xarajatlarni qoplab beradi va xizmatlarni kafolatlaydi:
nemis tili o'qituvchisi va o'quv materiallari;
til darajasi uchun Toshkentdagi Gyote institutida imtihon topshirish;
hujjatlarni tarjima qilish va tasdiqlash;
o'quv dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan nomzodlar uchun viza olish va Germaniyada ishga joylashish;
Toshkent xalqaro aeroportidan Germaniyaga aviachipta va Germaniyadagi aeroportdan ish joyigacha transfer;
mehnat sharoitlari nemis hamshiralari bilan bir xil (oylik 2 100 evrodan, 3 oylik kasbiy ta'limdan so'ng 3 100 evrodan boshlanadi) va butun jarayon davomida doimiy qo'llab-quvvatlash.