Behzod Musayev “Oʻzbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ikki davlat oʻrtasida temiryoʻl va avtobus haydovchilarini, hamshiralarni tayyorlash boʻyicha amaliy kelishuvlarga erishilganini maʼlum qildi.
— Prezidentimizning Germaniyaga boʻlgan avvalgi tashriflarida migratsiya boʻyicha ikki mamlakat oʻrtasida bitim tuzish va imzolash boʻyicha topshiriq olgan edik. Oʻtgan bir yil davomida har ikki davlat vakillari oʻzaro uchrashdik. Samarqandda oʻtgan Oʻzbekiston—Germaniya oliy darajadagi muzokaralar natijasida bir qator hujjatlar qatori ushbu bitim ham imzolandi. Bu Germaniya bozoridagi ishchilarga boʻlgan talab yuqori boʻlgan bir davrda biz ikki mamlakat orasidagi qilingan bitimni shaffof, tashkillashtirilgan migratsion jarayonlarni yoʻlga qoʻyishni birinchi qadami boʻlib turibdi.
Bitim yordamida haydovchilar tayyorlash boʻyicha Germaniyaning Deutsche Bahn tashkiloti bilan, hamshiralarni tayyorlash boʻyicha esa Globogate tashkiloti bilan hamkorlik qilinadi. Masalan, shu yilning oʻzida 800 nafardan ortiq hamshira tashkiliy ravishda Germaniyaga yuborilmoqda. 400 nafari ketib boʻldi. Qolganlari til imtihonlarini topshirmoqda. Hamshiralarimiz kamida 2200 yevro maoshi oladi. Undan tashqari, yurtdoshlarimiz uchun nemislarning yuqori texnologiyasini oʻrganishga imkoniyat yaratiladi.