Migratsiya agentligi va Yaponiyaning Proud Partners kompaniyasi hamkorligida yetkazib beruvchi haydovchi lavozimlari uchun nomzodlar tanlovi eʼlon qilindi.

Maʼlum qilinishicha, jami 100 ta ish oʻrni mavjud boʻlib, nomzodlar 21–35 yosh oraligʻida, intizomli va xavfsizlik qoidalariga rioya qiluvchi boʻlishi lozim. Yapon yoki ingliz tilini bilish nomzodga ustunlik beradi.

Kompaniya tomonidan nomzodlar 28–30-yanvar kunlari onlayn suhbat orqali saralab olinadi. Tanlovdan oʻtganlar 16-fevraldan Toshkent viloyati Angren shahrida boshlanadigan 6–8 oylik bepul oʻquv kurslarida qatnashadi. Oʻquv davrida yotoqxona bilan taʼminlanadi.

Ish tartibi haftasiga 5 kun, kuniga 8 soat. Turar joy ish beruvchi tomonidan taqdim etiladi, xodim oyiga 200 dollar, qolgan qismi esa kompaniya hisobiga qoplanadi.

Oylik maosh 2000 dollardan boshlanib, yilda bir marta oshirilishi mumkin. Belgilangan ish vaqtidan tashqari soatlar uchun qoʻshimcha haq toʻlanadi. Shuningdek, ish unumdorligiga qarab yiliga ikki marta moddiy ragʻbatlantirish belgilangan.

Aviabilet xarajatlari qoplanadi, ishchi viza rasmiylashtiriladi (xarajatlar kompensatsiya qilinadi), tibbiy hamda ijtimoiy sugʻurta bilan taʼminlanadi. Ovqatlanish xarajatlari nomzod hisobidan boʻlib, oyiga taxminan 300 dollarni tashkil etadi.

Ishga qiziqqanlar Migratsiya agentligining “Xorijda ish” platformasi orqali roʻyxatdan oʻtishi lozim.

Murojaat uchun: 1282, (71) 202-33-55, ichki raqamlar: 535, 545