Oʻzbekistonlik hunarmandlar Hindistondagi eng yirik hunarmandchilik festivalida ishtirok etyapti

    Madaniyat 22 Mart 2022 2077

    Joriy yil 19-martda Hindistonning Xaryana shtati, Faridabad shahrida anʼanaviy “Surajkund International Crafts Mela-2022” xalqaro hunarmandchilik festivalining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, “Hunarmand” uyushmasi va mamlakatimizning Hindistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda mazkur festivalda Oʻzbekiston “hamkor davlat” sifatida ishtirok etyapti.

    Qariyb 35 yildan buyon har yili oʻtkazib kelinayotgan festival anʼanalariga koʻra, koʻrgazma maydonining markaziy qismi “hamkor davlat” – Oʻzbekiston pavilyoni uchun ajratildi. Mazkur pavilyon milliy madaniy qadriyatlarimiz ruhida bezatilib, Oʻzbekiston milliy hunarmandchiligining turli yoʻnalishdagi mahsulotlari joylashtirildi.

    Shuningdek, pavilyon hududida Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan “Tourism & Travel Information” burchagi tashkil etildi, mamlakatimiz turizm salohiyati va hunarmandchilik anʼanalarini aks ettiruvchi bannerlar joylashtirildi.

    Marosimda soʻzga chiqqan Hindiston rasmiylari Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi yaqin hamkorlik aloqalariga yuqori baho berib, festivaldagi faol ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirdilar.

    Xususan, Xaryana shtati bosh vaziri Manoxar Lal Surajkund hunarmandchilik festivali 1987-yildan hozirga qadar oʻtkazib kelinayotgani, bugungi kunga kelib tadbirda dunyoning turli burchaklaridan hunarmandlar, madaniyat va sanʼat ustalari ishtirok etishi Xaryana shtati uchun alohida faxrli ekanligini bildirdi. Hindiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi diplomatik va madaniy aloqalarni qadimiy, boy, oʻzaro yaqin va mustahkam ekanligini taʼkidlab, “biz Oʻzbekiston va Xaryana oʻrtasida nafaqat “G2G” va “B2B” aloqalarni rivojlantirish, balki H2H (heart to heart) – “oʻzaro qalblarni bogʻlovchi” rishtalarni mustahkamlashga tayyormiz”, — deya qayd etdi. Shuningdek, Xaryana shtati rahbari mazkur festivalda Oʻzbekistonning “hamkor-mamlakat” sifatida ishtirok etishi uning boy madaniyati va anʼanaviy hunarmandchilik, sanʼat, musiqa merosini, shuningdek turizm salohiyatini ikki hafta davomida Hindiston xalqiga namoyish qilish uchun ajoyib imkoniyat taqdim etishini taʼkidladi.

    Ochilish marosimida soʻzga chiqqan mamlakatimizning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov oʻz nutqida tadbirda “hamkor mamlakat” maqomida ishtirok etish uchun berilgan taklif uchun Hindiston va Xaryana shtati xukumatiga minnatdorchilik bildirdi. Mazkur festivalning Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganligining 30 yilligi, bahor bayrami Navroʻz hamda Hindiston xalqlarining milliy bayrami Xoli festivali nishonlanishi doirasida tashkil etilayotganligi oʻziga hos ramziy maʼnoga ega ekanligi taʼkidlandi.

    Fargʻona viloyati va Xaryana shtati oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va rivojlantirishda mazkur festival muhim ahamiyatga ega ekanligi eʼtirof etildi. Shuningdek, tadbir qatnashchilariga joriy yilning may oyida Buxoroda oʻtkaziladigan birinchi Xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali haqida maʼlumot berildi.

    Tadbirda Xorazm viloyatidan tashrif buyurgan milliy raqs va musiqa dastasi ijrosidagi qoʻshiq va raqslar ochilish marosimida bevosita ishtirok etgan mingdan ortiq tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi.

    “Surajkund International Crafts Mela-2022” festivali 19-martdan 4-aprelga qadar davom etadi va unga ikki hafta davomida 1 milliondan ortiq mehmonlar tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu yilgi festivalda 30 dan ortiq xorijiy mamlakatlar va Hindistonning deyarli barcha shtatlari vakillari oʻz hunarmandchilik mahsulotlari bilan ishtirok etadi, deb xabar beradi Oʻzbekistonning Hindistondagi elchixonasi matbuot xizmati.