Oʻzbekistonlik jarrohlarga Qatarning “Golden Visa”si taqdim etilishi mumkin

    Qatarga Oʻzbekistondan malakali kadrlarni jalb qilish jarayonlari yanada soddalashtirilishi kutilmoqda.

    Bu haqda Migratsiya agentligi maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, “Jusour” kompaniyasi bosh direktori Abdulxadi Baxit Barkan Oʻzbekistonga keldi va Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev bilan mazkur masalani muhokama qildi.

    Uchrashuvda Qatarda hamshiralik, qurilish, IT va telekomunikatsiya sohalariga yuqori talab mavjudligi, jarroh mutaxassislarga “Golden Visa” taqdim etilishi alohida qayd etildi.

    Shuningdek, Qatarning “Tawzeef” raqamli platformasini Migratsiya agentligining xorijdaish.uz platformasiga integratsiyalashtirish masalasi koʻrib chiqildi.

    Joriy yilda DUTY-FREE savdo tarmogʻi hamda Qatar Airways kompaniyasidagi boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha Migratsiya agentligi tomonidan eʼlonlar joylashtirilib, nomzodlar rezyumelari “Tawzeef” platformasiga yuklandi.

    Ish beruvchilar tanlagan nomzodlar hozirda suhbat bosqichida.

    Mehmonlar Migratsiya agentligining mutaxassislarni xorijda ishlashga tayyorlash boʻyicha amaldagi tajribasini yuqori baholab, ushbu yondashuv Qatar uchun ham samarali boʻlishini taʼkidladi.