O'zbekistonlik maktab o'quvchilari yozgi ta'tilni Amerika Qo'shma Shtatlarida o'tkazishmoqda

    O'zbekistonning Amerika Qo'shma Shtatlaridagi elchixonasi xodimlari mamlakatning Uilmington shahridagi Shimoliy Karolina universitetida bo'lishib, ushbu oliy o'quv yurti qoshidagi “Access” dasturi doirasida tashkil etilgan “UNCW Access Summer Camp 2022” yozgi oromgohida tahsil olayotgan 26 nafar o'zbekistonlik maktab va litsey o'quvchilari bilan uchrashuv o'tkazdilar.

    Ushbu loyiha haftasiga 18 soatlik ingliz tili darslarini, turli ekskursiyalar va madaniy tadbirlar tashkil etishni qamrab olgan. Bundan tashqari, o'quvchilarning kun tartibida komp`yuterdon foydalanish bilimlarini oshirish, nutq madaniyati, sport mashg'ulotlari, mahalliy muzeylarga sayohat ham bor.

    “UNCW” ma'muriyati bilan kelishilgan holda, yosh yurtdoshlarimizning Vashington shahridagi mamlakatimiz elchixonasiga ham safarini uyushtirish ushbu dasturga kiritildi.

    O'zbekistonlik bolalar tomonidan ma'lum qilinishicha, ular uchun yaratilgan sharoitlar a'lo darajada. Sog'lom turmush tarzi targ'iboti, qiziqarli mahorat darslari, ko'ngilochar tadbirlar, biriktirilgan mahalliy xodimlarning e'tiborliligi ularni quvontirmoqda.

    Jizzax shahridan kelgan e'zoza Bobomurodova o'z taassurotlarini o'rtoqlashar ekan, “Access” dasturi doirasida ingliz tili va informatikadan saboq olganini bildirdi. “Men bu erga keganimdan juda xursandman, o'qituvchilarimga katta minnatdorlik bildiraman”, dedi u.

    Nukus shahrida istiqomat qiluvchi Romazon Janzakov ham ushbu dastur doirasida ingliz tilini puxta o'rganayotgani va Amerika madaniyati bilan yaqindan tanishayotganini qayd etar ekan, O'zbekistonlagi boshqa tengdoshlarimni ham yaxshi ta'lim olish asnosida shu kabi dasturlarda qatnashishga chaqirdi.

    eslatib o'tamiz: “UNCW Access Summer Camp” dasturi ikkinchi bor o'zbekistonlik yoshlarni qabul qilmoqda.