Oʻzbekistonlik mutaxassislar Janubiy Koreyada tajriba oʻtaydi

    Ta'lim 16 Yanvar 2023 2154

    Mamlakatimiz elchixonasi xodimlari Koreya suv resurslari korporatsiyasining Inson resurslarini rivojlantirish instituti Xalqaro taʼlim guruhi bosh menejeri Djong Yong Kim bilan uchrashdi.

    Unda ikki tomonlama amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha 2023-yilga moʻljallangan rejalar, Janubiy Koreyada oʻzbekistonlik mutaxassislarning amaliyot oʻtashini tashkil etish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan fikr almashildi.

    Jumladan, Oʻzbekistonda Suv akademiyasi konsepsiyasini ishlab chiqish hamda soha mutaxassislarining malakasini oshirish loyihasi doirasida “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyatining bir guruh xodimlari va tegishli oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilari uchun Jahon banki bilan hamkorlikda joriy yil 5-18-yanvar kunlari Janubiy Koreyaning “K-Water” akademiyasida ikki haftalik oʻquv seminari oʻtkazilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Seminar davomida ishtirokchilarga Janubiy Koreya suv taʼminoti tizimining rivojlanishi bosqichlari, ushbu mamlakat suv siyosatining ustuvor yoʻnalishlari, tarif siyosati, suv taʼminoti obyektlaridagi energiyaga tejamkor texnologiyalar samaradorligi, suv sifati standartlari toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berilyapti.

    Shuningdek, oʻquv seminari dasturiga koʻra amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilishi hamda qator ichimlik va oqova suv tozalash inshootlari va laboratoriyalar faoliyati bilan tanishuv koʻzda tutilgan.

    Zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega malakali kadrlar har qanday sohani rivojlantirishdagi asosiy kuch hisoblanadi. Shu sababdan ham bugungi kunda transformatsiya jarayonini boshdan kechirayotgan “Oʻzsuvtaʼminot” AJ tomonidan xodimlarni oʻqitish va ularning malakasini oshirish, shu jumladan, rivojlangan davlatlarning ilgʻor tajribasi bilan tanishtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilyapti, deb xabar beradi “Dunyo” AA.