Oʻzbekistonlik mutaxassislar Turkiyada urugʻlik kartoshka yetishtirishni oʻrgandi

    Agrosektor 19 Oktabr 2022 1556

    2022-yil oktyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) oʻzbekistonlik bir guruh mutaxassislar uchun Turkiyaning kartoshka urugʻchiligi tajribasini oʻrganish maqsadida ushbu davlatga oʻquv safarini tashkil etdi.

    Mazkur safar ishtirokchilari orasida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Meva-sabzavotchilik, uzumchilik, polizchilik va kartoshkachilikni rivojlantirish boshqarmasi vakili ham bor edi.

    Sayohat FAOning “COVID-19 ga javoban kartoshka sektorini tiklash va rivojlantirish” loyihasining bir qismi boʻlib, u Oʻzbekistonda kartoshka sohasining ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga qaratilgan. Loyihani amalga oshirish jarayonida kartoshka navlarini roʻyxatga olish va urugʻlikni sertifikatlash tizimini takomillashtirish, kartoshka yetishtirishni modernizatsiya qilish boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini takomillashtirish, yuqori sifatli kartoshka yetishtirishni rivojlantirish va uni saqlash sharoitlarini yaxshilash, eng muhimi, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan fermerlar, agronomlar va shu sohalarda ishlaydigan boshqa mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha ishlar olib borildi.

    Urugʻlik kartoshka ekish uchun maxsus yetishtiriladi. Bunday kartoshka kasalliklarga chidamli va yuqori hosil beradi hamda uning narxi oddiy kartoshka narxidan bir necha baravar yuqori. Kartoshka urugʻini yetishtirish ishlari odatda bir necha yil davom etadi. Bu borada Turkiya katta salohiyatga ega. Mamlakatda har yili 150 ming gektar maydonda 5 million tonnaga yaqin kartoshka yetishtiriladi, shundan 450 ming tonnaga yaqini urugʻlik kartoshkadir.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi Turkiyaning Sivas shahrida kartoshka urugʻlik ishlab chiqarish boʻyicha eng yirik “Doga Seed” korxonasiga tashrif buyurib, mahsulot yetishtirishning turli bosqichlari bilan yaqindan tanishdi. Navbatdagi tashrif Turkiya kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti joylashgan Nigʻde shahriga uyushtirildi. Institutda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida taqdimot oʻzbekistonlik mutaxassislar eʼtiboriga havola etildi. Hamyurtlarimiz Tirxon qishlogʻidagi fermer xoʻjaliklarida boʻlib, fermerlar bilan muloqot qildi, hattoki bu yerda kartoshka yigʻish jarayonida ham ishtirok etdi.

    Keyin esa hamyurtlarimiz kartoshka saqlash uchun foydalaniladigan noyob tabiiy gʻorlari bilan mashhur boʻlgan Nevshehirga tashrif buyurdi. Omborlarning tuzilishi va mahsulotlarni saqlash usullarini oʻrgangan Oʻzbekiston delegatsiyasi “Doga Seed” kompaniyasining Nevshehir shahrida joylashgan yana bir qancha obyektlari, jumladan, fri kartoshkasi ishlab chiqarish zavodida boʻldi.

    Anqarada oʻzbekistonlik mutaxassislar Turkiyada sertifikatlangan urugʻlik kartoshka yetishtirish va kartoshka navlarini roʻyxatdan oʻtkazishning turli masalalariga masʼul boʻlgan davlat idoralarida uchrashuvlar oʻtkazdi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

    Urugʻlik kartoshkasi yetishtirish boʻyicha Turkiyaning ilgʻor tajribasini oʻrganish oʻzbekistonlik mutaxassislarga mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash va Oʻzbekistonda kartoshkachilik sohasi salohiyatini oshirish maqsadida xorijiy tajribani samarali joriy etish imkonini beradi.