O'zbekistonlik olimlar kovidga qarshi sut ishlab chiqdi

    Innovatsion rivojlanish vazirligi tadqiqotchilari kovidga qarshi profilaktika maqsadida inson vaksinalari bilan echki va sigirlarni emlash orqali kovidga qarshi antitanachalarga ega sut ishlab chiqdi.

    Ularning bu boʻyicha amalga oshirgan tadqiqoti «bioRxiv» jurnalida chop etildi.

    Olimlar COVID-19ʻdan emlangan yoki kasallikdan tuzalgan ayollarning ona sutida SARS-CoV-2ʻga qarshi antitanachalar borligini aniqlab, shu orqali COVID-19ʻga qarshi emlangan sigir va echki sutidan aholini immunizatsiya qilishda foydalanish mumkinligini taklif qilgan.

    Qayd etilishicha, maqola muallifi uy echkilari va sigirlarini odamlarga moʻljallangan vaksina bilan uch marta emlagan. Birinchi emlashdan ikki hafta oʻtgach, neytrallashtiruvchi antitanachalar aniqlangan. Tadqiqot shuni koʻrsatganki, antitanachalar SARS-CoV-2ʻni muvaffaqiyatli neytrallagan — qon zardobida samaradorlik 100 foizga, sutda esa 40 foizga yetgan.