Bugun oʻzbek olimlari qanday yangi tadqiqotlar ustida izlanishlar olib borayotgani va ulardan kutilayotgan natijalar xususida Oʻzbekiston fanlar akademiyasi Yadro fizika instituti direktori, texnika fanlari doktori, professor Ilhom Sodiqov bilan suhbatlashdik.
— Suhbatimizni institut olimlari tomonidan eng oxirgi olib borilgan ilmiy izlanishlar va ularning dolzarbligi xususidagi fikrlaringiz bilan boshlasak?
— Hozirgi kunda institutda 14 ta ilmiy laboratoriya va boʻlimlar faoliyat koʻrsatyapti. Oxirgi yillarda ham fundamental, ham amaliy yoʻnalishlar boʻyicha bir qancha tadqiqotlar olib borildi.
Eng yaxshi natijalarimizdan biri 2022-yilning iyun oyida roʻyxatdan oʻtkazilib, ishlab chiqarishga tatbiq etilgan yangi radiofarmatsevtik vektorli terapiya vositasini misol keltirish mumkin. Bu preparat saraton kasalligini davolashda nihoyatda samarador boʻlgan yangi dori vositasi hisoblanadi.
Bu dori vositasining bitta dozasi hozirgi kunda AQSHda 70 ming dollar, Yevropa mamlakatlarida 25 ming dollar atrofida sotilyapti. Bizning institutimiz ushbu dorini respublikamizdagi 3 ta onkologik klinikalarga 1,5 ming AQSH dollari narx bilan yetkazib berishni yoʻlga qoʻydi.
— Bu dori vositasi asli kim tomonidan ishlab chiqarilgan?
— Bu dori 2018-yildan boshlab bir nechta chet davlatlarda, har biri oʻzlari yaratgan texnologiya boʻyicha ishlab chiqarilib, tibbiyotda qoʻllanilib kelinmoqda. Biz oʻzimizda yaratilgan yangi texnologiya boʻyicha mazkur dorini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik. Hozirgi kunda biz ishlab chiqarayotgan “lyutetsiy-177” nomli izotopimiz dunyodagi boshqa ishlab chiqaruvchilar mahsulotidan 10 barobar toza hamda yuqori sifatli radioizotop hisoblanadi.
Oddiy qilib aytganda dunyoda bor dori vositasini takomillashtirib, oʻzimiz yaratgan texnologiya boʻyicha unga nisbatan sifatli va arzon mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik.
Bizning mahsulot Amerika Qoʻshma Shtatlari, Germaniya, Rossiyadagi mahsulotlarga nisbatan 10 barobar toza boʻlishi bilan birga, 15-50-martagacha arzon.
— Tarkibi nimalardan iborat?
— Tarkibi “lyutetsiy-177” radioizotopi va unga biriktirilgan prostata spetsifik membranali “antigen-617” degan oqsil moddasidan iborat. Ushbu oqsil moddasi “lyutetsiy-177” radioizotopini organizmning saraton metastazalari boʻlgan joylariga yetkazib beruvchi transport vositasi vazifasini bajaradi. “lyutetsiy-177” radioaktiv izotopi saraton oʻsmalari ichiga kirib, oʻzining radioaktiv nurlari bilan oʻsmalarni kuydiradi. Bu nurlarning oʻtish masofasi 1-2 millimetrni tashkil qilgani sababli ular oʻsmani ichidan yemirib, atrofidagi sogʻlom toʻqimalarga zararli taʼsir koʻrsatmaydi. Bu bilan oʻsmalarni operatsiyasiz davolash imkoni tugʻiladi.
— Ushbu yangi preparatdan foydalanilgandan soʻnggi natijalar qanday boʻlyapti?
— Hozirgi kunda bu dori 4-bosqichdagi rak kasalligining 97-99 foizgacha tuzalishini taʼminlayapti. Jahondagi tibbiyotchilar revolyutsion dorilar qatoriga kiruvchi bu preparatga “fantastik natija”, deb baho berishyapti.
Bu dori vositasi institutning shoʻba korxonasi boʻlgan “Radiopreparat” davlat korxonasi va Radiokimyo ilmiy laboratoriyasi olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar mahsuli hisoblanadi.
— Balki boshqa davlatlarda biznikidan ham arzonroq narxdagisi bordir?
— Hozirgi kunda biz AQSHdagiga nisbatan 55-marta, Yevropa davlatlariga nibatan 15-marta va dunyodagi eng arzon hisoblangan Isroil davlatidagiga nisbatan 9-10-marta arzon narxda ishlab chiqarayapmiz. Oʻylaymanki, yaqin kelajakda hech bir davlat bizdan arzon narxda ishlab chiqara olmaydi.
Hozir biz respublikamizdagi 3 ta klinikaga ushbu dorining bir necha yuz dozasini yetkazib berish imkoniyatiga egamiz. Maʼlumotlarga koʻra bir yilda respublikamizning 10 mingga yaqin aholisi saratondan davolanish uchun xorijga chiqmoqda. Endilikda bunday bemorlar chet eldagiga nisbatan bir necha marotaba arzon davolanish imkoniyatiga ega boʻldi.
— Eksportga ham chiqarilyaptimi?
— Aynan shu vosita, foydalanish muddati bir necha kun boʻlganligi sababli, hozircha faqat ichki bozorgagina chiqarilyapti. Umuman olganda, biz hozirgi kunda 60dan ortiq radiofarmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqaramiz, baʼzi mahsulotlarimiz jahon bozorida juda yuqori baholanadi.
Masalan, “Yod-125” radioizotopining butun jahon boʻyicha ishlab chiqarilayotgan miqdorining 80 foizi, “Fosfor-32”, “Fosfor-33” izotopining 60 foizi bizning korxonamizda ishlab chiqariladi.
Korxona tomonidan umumiy ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizning 95 foiz qismi eksport qilinadi. Faqatgina 5 foizga yaqini ichki bozorda sotiladi. Umid qilamizki yaqin kelajakda respublikamiz klinikalarida ham biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlardan toʻliq foydalanish imkoni yaratiladi va oʻz mahsulotimizni asosan Vatanimiz aholisining sogʻligini saqlash uchun yoʻnaltiramiz.