O'zbekistonlik olimlar SARS-CoV-2 virusining 32 ta genomini to'liq o'qidi

    O'zbekistonda tarqalgan koronavirus variantlari haqidagi ma'lumotlar aynan yurtimizda tarqalgan shtammlarga qarshi yo'naltirilgan milliy vaktsinamizni yaratish ishlari uchun o'ta muhim

    Innovatsion rivojlanish vazirligi buyurtmasiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan koronavirusning to'liq genomlari birinchi marta O'zbekistonda o'qildi va bioinformatik tahlil ishlari olib borildi. Natijalar koronavirus genom ma'lumotlari uchun ochiq ma'lumotlar tarmog'i – GISAID (https://www.gisaid.org) ma'lumotlar bazasiga joylandi va tegishlicha rasmiylashtirildi.

    SHu munosabat bilan O'zbekiston o'z hududida koronavirusning barcha variantlarini DNK ketma-ketligini to'liq sekvenlagan 50 mamlakat qatoriga kirdi. Genomika va bioinformatika markazi olimlari tomonidan Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologiya va jamoat salomatligi boshqarmasi hamda Biogen Med xususiy klinikasidagi birlamchi virus yuqtirgani tasdiqlangan fuqarolarning 62 nafaridan namunalar olindi. YAngi avlod sekvenatori yordamida ularning 32 ta genomi to'liq sekvenlash orqali tahlil qilindi. Boshqacha qilib aytganda, DNK ketma-ketligi o'qildi. Bu 29 903 nukleotid deganidir.

    SHuningdek, olimlar qator bioinformatik tahlillar yordamida (Nextclade) O'zbekistonda tarqalgan virus variantlarini hozirgacha o'qilgan koronavirus ma'lumotlar bazasidagi genomlar bilan solishtirdi. Natijada O'zbekistondagi COVID-19 variantlaridan 18 tasining shajaradagi o'rni aniqlandi. Unga ko'ra, O'zbekistonda uchrayotgan COVID-19 variantlari GR (20V) va S (19V) guruhlariga mansubligi ayon bo'ldi. SHajaraning GR (20V) tarmog'ida O'zbekiston bilan birgalikda, asosan, Evropa, Osiyo, Afrika va Avstraliya qit'asi vakillari joylashgan bo'lsa, S (19V) guruhida esa Osiyo va Afrikaga xos virus genomlari joylashgan. Bu fakt ushbu ikkita guruh orqali mamlakatimizga kirib kelgan viruslar manbai bitta emasligini anglatadi.

    Ta'kidlash joizki, SARS-CoV-2 virusining genom ma'lumotlari ilk bora 2020 yilning yanvar` oyida Xitoyda aniqlangan. O'sha paytdan boshlab dunyoda tarqalgan koronavirus namunalari olinib, genomlarini sekvenlash ishlari boshlandi. Genomlarni aniqlash mahalliy va global miqyosda epidemiologik tadqiqotlar o'tkazish uchun zarur bo'lib, virusning evolyutsion tahlilini amalga oshirish, uning qaerda paydo bo'lgani, qanday mutatsiyalarga uchragani va boshqa muhim ma'lumotlarni beradi. Bu ma'lumotlar yordamida esa vaktsina yaratiladi. O'zbekistonda tarqalgan koronavirus variantlari haqidagi ma'lumotlar aynan yurtimizda tarqalgan shtammlarga qarshi yo'naltirilgan milliy vaktsinamizni yaratish ishlari uchun o'ta muhimdir.

    O'zbekistonda tarqalgan COVID-19 variantlaring to'liq genom DNK ketma-ketliklari aniqlanishi va dunyo ma'lumotlar bazasi bilan qiyosiy tahlillari virusning O'zbekiston sharoitida o'zgarishini doimiy monitoring qilishda katta qadam bo'ldi. Qolaversa, bu oxirgi yillarda O'zbekistonda ilm-fan va olimlarimizga yaratib berilayotgan katta imkoniyatlarning dastlabki natijalaridan biridir, deya xabar bermoqda Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati.