O'zbekistonlik o'quvchi Butunjahon Kibermatematika musobaqasida bronzani qo'lga kiritdi

    Ta'lim 21 Iyul 2020 2279

    Buxoro viloyati Peshku tumanidagi 18-maktab o'quvchisi Jahongir Norboev ilk bor o'tkazilgan Kibermatematika musobaqasida bronza medalni qo'lga kiritdi.

    Cyberspace Mathematics Competition musobaqasi Amerika matematika musobaqalari hamda AOPS tashkiloti bilan hamkorlikda o'tkazildi. 13 iyul` kuni masofaviy tarzda start olgan ushbu musobaqada dunyoning 75 ta davlatidan jami 555 nafar ishtirokchi qatnashdi.

    Musobaqada har bir davlatdan 8 nafargacha ishtirokchilar qatnashishi mumkin edi va bunda albatta har bir jamoada 2 qiz bo'lishi kerak degan talab qo'yildi, ular Bibisora Ro'zimboeva (Qorako'l tumani) va Iroda Narzieva (Navoiy viloyati) bo'ldi.

    Musobaqa shartlariga ko'ra, 5 soat ichida 4 tadan masalani echish lozim edi. O'zbekiston terma jamoasining eng yaxshi qatnashchisi Jahongir Norboev birinchi kuni 3 ta to'liq, ikkinchi kuni esa 2 ta masalani echishga muvaffaq bo'ldi va AQSH, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Tayland, Singapur, Germaniya kabi xalkaro olimpiadada ilg'or hisoblangan davlatlar ishtirokchilari orasida yaxshi natija ko'rsatdi.

    Fan olimpiadalari bo'yicha iqtidorli o'quvchilar bilan ishlash departamenti va matematika fani bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi rahbari Matematika instituti katta ilmiy xodimi PhD. Rustam Turdibaev bilan hamkorlikda Amerikaning Matematika Assosiatsiyasi tomonidan o'tkazilgan masofaviy onlayn olimpiadada O'zbekiston terma jamoasining ishtiroki ta'minlandi.