Oʻzbekistonlik oʻquvchilar 52-xalqaro kimyo olimpiadasida kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritdi

    Joriy yilda butun dunyoda yuzaga kelgan epidemiologik vaziyatni inobatga olib 52-Xalqaro kimyo olimpiadasi 25-iyul kuni masofaviy tarzda oʻtkazildi.

    Joriy yilda butun dunyoda yuzaga kelgan epidemiologik vaziyatni inobatga olib 52-Xalqaro kimyo olimpiadasi 25-iyul kuni masofaviy tarzda oʻtkazildi. Kimyo fanidan eng nufuzli hisoblanadigan mazkur olimpiadada dunyoning 60 davlatidan jami 235 nafar iqtidorli oʻquvchi ishtirok etdi.

    Olimpiadada Oʻzbekiston sharafini 2018-2019 oʻquv yilida respublika fan olimpiadasida va qoʻshimcha respublika olimpiadasi gʻoliblari orasidan saralab olingan 4 nafar iqtidorli oʻquvchi himoya qilib, quyidagi natijalarni qayd etdi:

    Mirumid Mirakbarov (Toshkent pediatriya tibbiyot instituti huzuridagi akademik litsey) (kumush medal)

    Dilshodaxon Isayeva (Toshkent pediatriya tibbiyot instituti huzuridagi akademik litsey) (kumush medal)

    Firdavs Sobirov (35-maktab, Buxoro shahri) (bronza medal)

    Akobir Narzullayev (49-maktab, Buxoro viloyati, Jondor tumani) (diplom)

    Joriy yilgi olimpiadada oʻquvchilar laboratoriya kimyoviy tajribalarisiz, faqat nazariy bosqichni oʻtkazishdi. Olimpiada sinov jarayonini nazoratchilar 4ta vebkamera yordamida kuzatib borishdi.

    Masofaviy olimpiada Toshkent pediatriya tibbiyot instituti huzuridagi akademik litseyda sanitariya gigiyena hamda karantin qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda tashkil etildi.

    52-Xalqaro kimyo olimpiadasi Turkiyaning Istanbul shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan edi. Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli rejalar oʻzgartirilib, masofaviy oʻtkazildi. Gʻoliblarning medallari va diplomlari Turkiyadagi tashkiliy qoʻmita tomonidan pochta orqali joʻnatiladi.