Oʻzbekistonlik para suzuvchi jahon chempionatida ilk bor oltin medalni qoʻlga kiritdi

    Sport 25 Sentabr 2025 1198

    Singapur mezbonligidagi para suzish boʻyicha Jahon chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Yegor Bolotov oltin medalga sazovor boʻldi.

    Bu haqda Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya qoʻmitasi maʼlum qildi.

    Xabarda aytilishicha, S13 toifasidagi bahslarda ishtirok etgan hamyurtimiz 100 m masofaga chalqancha suzish dasturida 58.97 soniyada marra chizigʻiga yetib borib, barcha raqiblaridan ustun keldi va terma jamoa hisobiga ikkinchi medalni taqdim etdi.

    Kumush medali niderlandiyalik Tomas van Vaanroy (59.35 soniya) ga, bronza esa ukrainalik Oleksey Virchenko (59.45 soniya) ga nasib qildi.

    Taʼkidlash joiz, Bolotov bu orqali Jahon chempionati oltin medaliga ega chiqqan ilk oʻzbekistonlik erkak suzuvchiga aylandi.

    Ahamiyatli jihati, Oʻzbekiston terma jamoasining mazkur chempionatdagi birinchi medali — bronzani ham Yegorning oʻzi 100 metr masofaga erkin usulda suzish bahslarida qoʻlga kiritgandi.