Oʻzbekistonlik quruvchilar Ispaniya qurilish sektoriga jalb qilinishi mumkin

    200 mingta davlat koʻchmas mulk obyektlarini barpo etish hamda ushbu binolarni qurish uchun 700 ming nafar ishchilar jalb qilish koʻzda tutilgan.

    Oʻzbekiston elchisi Farrux Tursunov Ispaniya Quruvchilar milliy uyushmasi prezidenti Pedro Fernandes Alen bilan muzokara oʻtkazdi.

    Unda Oʻzbekiston va Ispaniya oʻrtasida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish va ushbu mamlakat qurilish sektoriga fuqarolarimizni ishga jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

    Xorij tomoniga soʻnggi yillarda mamlakatimizda tartibli va xavfsiz tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning haqida soʻzlab berildi. Shuningdek, fuqarolarni xorijiy ish beruvchilari talablariga koʻra, turli sohalarda oʻqitish va malakasini oshirish boʻyicha yaratilgan shart-sharoitlar taʼkidlandi. Oʻzbekiston va Yevropaning yetakchi mamlakatlari oʻrtasida ushbu yoʻnalishda aniq natijalarga erishilgani urgʻulandi.

    Oʻz navbatida, Pedro Fernandes Alen Oʻzbekistonda tashqi mehnat migratsiyasi sohasida amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berdi. Uning aytishicha, Oʻzbekiston fuqarolari uchun xorijiy mamlakatlarda xavfsiz va tartibli mehnat faoliyatini olib borish uchun barcha imkoniyatlar yaratilganligi rivojlanayotgan davlatlarning ijobiy koʻrsatgichlaridan biri hisoblanadi.

    Quruvchilar milliy uyushmasi prezidenti Ispaniyada qurilish sohasida katta rejalar borligini, xususan, 200 mingta davlat koʻchmas mulk obyektlarini barpo etish hamda ushbu binolarni qurish uchun 700 ming nafar ishchilarni jalb qilish koʻzda tutilganini maʼlum qildi.

    Muzokaralar yakunida ushbu yoʻnalishda hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.