Oʻzbekistonlik razvedkachilar “ArMI – 2020” musobaqasida yetakchilar safida bormoqda

    Harbiy 3 Sentabr 2020 1721

    Joriy yilning 23-avgustidan 5-sentyabriga qadar Rossiyaning Novosibirsk shahri “Kolsovo” dala-oʻquv maydonida 2020-yilgi “Xalqaro armiya oʻyinlari” doirasida “Qoʻshin razvedkasi aʼlochilari – 2020” musobaqasi ham boʻlib oʻtmoqda.

    Musobaqada Oʻzbekiston, Rossiya, Belarus, Tojikiston, Xitoy, Janubiy Osetiya, Kongo va Laos qoʻshin razvedkachilarining jamoalari oʻzaro belashmoqdalar.

    Ushbu tanlov V bosqichdan iborat boʻlib, jamoalar “Desant boʻlib tushish va marsh-brosokni amalga oshirish”, “Mexanik-haydovchilar musobaqasi”, “Razvedkachi soʻqmogʻi”ning toʻsiqlarini yengib oʻtish”, “Oʻq otish”, “Razvedka boʻlinmasining vazifani bajargandan soʻng yigʻin punktiga chiqishi” shartlari boʻyicha bellashmoqdalar.

    Hamyurtlarimiz uzunligi 800 metr boʻlgan, jami 22 ta toʻsiqdan iborat “Majmuaviy razvedkachilar yoʻlagi” toʻsiqlarida mashqlarni bajarib, ushbu shartda Rossiya jamoasidan keyin faxrli II-oʻrinni egalladilar.

    Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekistonlik razvedkachilar oʻz guruhida yuqori natijalarni koʻrsatib, qurol-aslahalar va toʻliq jangovar ekipirovkada suvli toʻsiqdan suzib oʻtish shartini 13 daqiqayu 22 soniyada bajarib, musobaqa peshqadamiga aylandilar.

    Yurtimiz razvedkachilariga “Musobaqaning qolgan bosqichlarida ham yaxshi natijalarga erishib, Vatanimiz bayrogʻini yuksaklarga koʻtarishlarida omad tilaymiz.

    Eslatib oʻtamiz, oʻzbekistonlik harbiy razvedkachilar 2017, 2018-yillarda 3-oʻrinni egallashgan boʻlsa, 2019-yilda esa faxrli 2-oʻringa sazovor boʻlishgan edi.