O'zbekistonlik razvedkachilar Buyuk Britaniyada 103 jamoa o'rtasida o'tkazilgan musobaqada 2-o'rinni egalladi

    Jamoalarga 8 ta kutilmagan “test syurpriz” shartlari ham berilgan.

    29-sentyabrdan 17-oktyabrga qadar Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida o'tkazilgan razvedka va maxsus bo'linmalarning “Kembriya patruli” xalqaro musobaqasida dunyoning jami 18 ta davlatidan 103 ta jamoa ishtirok etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

    Musobaqada mezbonlardan tashqari O'zbekiston, Kosovo, Gretsiya, Irlandiya, Germaniya, Latviya, Fransiya, Gana, Italiya, Hindiston, Polsha, AQSH, Daniya, Indoneziya, Shveytsariya, Litva, Niderlandiya Qurolli Kuchlari razvedka va maxsus bo'linmalari harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalar o'zaro bahs olib bordi.

    Bahslardagi 90 kilometlik masofa turli darajadagi murakkab shartlardan iborat bo'lib, uning har 8−10 kilometrida qator jangovar topshiriqlar bajarilgan.

    Shuningdek, ommaviy qirg'in qurollaridan himoyalanish vositalaridan foydalanilgan 3 kilometrida zararlangan hududdan o'tish, joyni razvedka qilish va tog' daryosini kesib o'tish, yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko'rsatish, jarohatlanganlarni turli yo'llar bilan evakuatsiya qilish, mina to'sig'idan yakka va guruh tarkibida o'tish, dushman ob'ektiga bosqin uyushtirish, garovga olinganlarni ozod qilish va harbiy asirlarni so'roq qilish kabi shartlar ham bajarilgan.

    Bundan tashqari jamoalarga 8 ta kutilmagan “test syurpriz” (xorijiy davlatlar qurollari va harbiy texnikasi turlarini aniqlash, simulyatsiya va aloqa uskunalari yordamida artilleriya olovini yo'naltirish, harbiy topografiya me'yorlarni bajarish, Jeneva konvensiyasi bo'yicha test topshirish, razvedka bo'yicha hisobotlarni tayyorlash va tuzish, aloqa tayyorgarligi bo'yicha me'yorlarni bajarish, bajarilgan tadbirlar bo'yicha va keyingi topshiriqlarni bajarishga shayligi bo'yicha bildiruv berish) shartlari ham berilgan.

    O'zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi musobaqada bu kavbi murakkab shartlardan iborat 90 kilometrlik masofani 37 soatda bosib o'tdi.

    Xalqaro musobaqa natijalariga ko'ra, 1-o'rin va oltin medallarni mezbon davlat — Buyuk Britaniya jamoasi, 2-o'rin va kumush medallarni O'zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi, 3-o'rin va bronza medallarni AQSH jamoasi egalladi.