Oʻzbekistonlik sambochi Dilshod Choriyev 4 yilga diskvalifikatsiya qilindi

    Sport 24 Iyun 2021 725

    Sportchi 2021-yil 7-maydan boshlab, 2025-yil 6-mayga qadar barcha sport tadbirlarida ishtirok etmaydigan boʻldi.

    Joriy yilning 25-mart kuni Rossiya poytaxti Moskva shahrida sambo boʻyicha “Memorial Xarlampiyev” nomli jahon kubogi bahslari oʻtkazilgan boʻlib, mazkur turnirda oʻzbekistonlik sambochilar 2ta oltin, 6ta kumush va 1ta bronza medalini qoʻlga kiritgan edi.

    Milliy antidoping agentligi matbuot xizmati xabariga koʻra, ushbu xalqaro turnirda -98 kg vaznda ikkinchi oʻrinni egallagan Dilshod Choriyevdan (sportcha sambo) olingan doping-sinamada “meldoniy” taqiqlangan moddasi aniqlangani sababli tekshiruv boshlangan.

    FIAS Xalqaro sambo federatsiyasining 2021-yil 23-iyun kunidagi maʼlumotiga koʻra, sambo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Dilshod Choriyevning doping-sinamasida aniqlangan “meldoniy” taqiqlangan moddasi yuzasidan FIAS Axloq boʻyicha komissiyasi yakuniy qarorni qabul qildi.

    Ushbu qarorga koʻra, FIAS Xalqaro sambo federatsiyasining Antidoping qoidalariga muvofiq, Dilshod Choriyev 4 yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi. Sportchi 2021-yil 7-maydan boshlab, 2025-yil 6-mayga qadar barcha sport tadbirlarida ishtirok etmaydigan boʻldi.

    Butunjahon antidoping agentligining Taqiqlangan roʻyxatida meldoniy 2016-yildan beri roʻyxatning “S4. Metabolizm gormonlari va modulyatorlari” guruhiga kiritilgan doping moddasidir.