Oʻzbekistonlik shifokorlar Rossiyaning tibbiyot markazida malaka oshirmoqda

    Ta'lim 20 Dekabr 2021 1857

    Joriy yilning oʻzida 100 nafardan ortiq oʻzbekistonlik mutaxassis Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya kabi tibbiyot sohasi taraqqiy etgan mamlakatlarga malaka oshirish uchun yuborildi.

    Eʼtiborli jihati, kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, endokrinologiya, urologiya, nefrologiya, onkologiya kabi qator yoʻnalishlarda tajriba orttirgan ushbu mutaxassislar bugungi kunda oʻz bilim va malakalarini yurtimiz tibbiyot tizimini yanada rivojlantirishga yoʻnaltiryapti.

    Ana shunday ezgu ishlarning davomi sifatida kuni kecha Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining 2 nafar shifokor-morfologi hamda 5 nafar hamshirasi Rossiyaning D. Rogachev nomidagi Bolalar gematologiya, onkologiya va immunologiya markaziga malaka oshirish uchun yuborildi.

    Shu oʻrinda savol tugʻiladi: xoʻsh, tajriba almashish uchun nega aynan ushbu markaz tanlandi?

    Gap shundaki, D. Rogachev nomidagi tibbiy tadqiqot markazi bolalar gemotologiyasi va onkologiyasini rivojlantirish boʻyicha Rossiyaning “lokomotiv”i hisoblanadi.

    Mazkur nufuzli tibbiyot muassasasi negizida oʻtkir leykemiya, qattiq oʻsma va markaziy asab tizimi oʻsmalarini davolash boʻyicha qator tadqiqotlar oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan. Eʼtiborli jihati, buning natijasida oʻtkir leykemiyaga chalingan bolalarning 85 foizdan ortigʻi kasallikdan butkul sogʻaymoqda.

    Aytish joizki, oʻzbekistonlik mutaxassislarning ushbu markazda malaka oshirish dasturi bemorlarni parvarish qilish, sitostatik preparatlarni tayyorlash, yordamchi davo oʻtkazish, bemorlarni punksiyalarga tayyorlash, bolalar gematologiya va onkologiyasi boʻyicha standart operatsion muolajalar tartibini oʻzlashtirishni oʻz ichiga oladi.

    Shuningdek, morfolog-shifokorlar dasturi xalqaro klassifikatsiyalar boʻyicha tashxislash va yangi diagnostika usullarini oʻrganishdan iborat. Kurslar nazariy va amaliy qismlarni oʻz ichiga olib, mutaxassislarning kasbiy malakasini yanada oshirishga xizmat qiladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

    Shuningdek, xabar orqali ayni paytda mamlakatimizdagi 11 ta oliy taʼlim muassasasida tibbiyot mutaxassislari tayyorlanayotganligi eslatiladi.