O'zbekistonlik startapchilar Silikon vodiysiga yuboriladi

    Raqamlashtirish 10 May 2022 1241

    O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri o'rinbosari Shahlo Turdiqulova  AQShning "StrategEast" kompaniyasi prezidenti Anatoliy Motkin bilan uchrashdi. Uchrashuvda hamkorlikda startap akseleratorlarini tashkil etish, axborot texnologiyalari (AT) sohasini rivojlantirish va birgalikda loyihalarni yo'lga qo'yish muhokama qilindi.

    "StrategEast" AQShning Vashington shahrida joylashgan tashkilot bo'lib, asosiy faoliyati xalqaro moliyaviy institutlar, agentliklar va AT sohasidagi yirik ishbilarmon doira vakillari bilan hamkorlikda Evrosiyo davlatlarida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgandir.

    Kompaniya vakili O'zbekistonda startap sohasining rivojlanishini yuqori baholab, muvaffaqiyatli startap loyiha mualliflarini Silikon vodiysidagi AQSh startaplari tajribasini o'rganish va hamkorlik yo'lga qo'yish maqsadida Kaliforniya shtatiga yuborishni qo'llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

    Shu bilan bir qatorda, tomonlar AQShning Stenford universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «Ishbilarmon ayollar» dasturini O'zbekistonga tatbiq etish, shuningdek Belarusda yo'lga qo'yilgan loyiha tajribasi asosida Texnologik startaplar inkubatorini tashkil etish bo'yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Ushbu ishlarning amalga oshirilishi natijasida yangi, sifatli va yuqori texnologiyalarga asoslangan ish o'rinlarining yaratilishi, yangi startap loyihalarining paydo bo'lishi hamda moliyaviy sarmoyalar jalb qilinishi kutilmoqda.