Oʻzbekistonlik talabalar Buyuk Britaniyada agrar soha boʻyicha stajirovkalar oʻtashi mumkin

    Ta'lim 8 Fevral 2024 713

    Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan Britaniyaning “Aston Fruit Farm” fermasi rahbari Charlz Lyuton va “Hops Labour Solutions” mehnat tashkiloti ijrochi direktori Djimmi Devis bilan muzokaralar oʻtkazildi.

    Muloqot chogʻida Britaniya tomonga Qishloq xoʻjaligi vazirligi tizimidagi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining professor-oʻqituvchilarini xorijiy davlatlarga stajirovka oʻtash hamda malaka oshirish uchun yuborish boʻyicha pirovard maqsadlar va kutilayotgan natijalar haqida axborot berildi.

    Charlz Lyuton tomonidan Oʻzbekistonda inson resurslarini rivojlantirish va uning salohiyatidan samarali foydalanish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar yuqori baholandi.

    Britaniya tomoni “Aston Fruit Farm” fermasida oʻzbekistonlik talabalar uchun stajirovka oʻtashga sharoit borligini hamda Toshkent davlat agrar universiteti va Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti vakillari uchun stajirovkalarni tashkil etishga tayyor ekanligini bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Mazkur oʻquv kurslari natijasida oʻzbekistonlik talabalar agrar sohada oʻzlarining bilim va koʻnikmalarini oshirish va kelgusida amaliyotga tatbiq etish imkoniyatiga ega boʻladilar.