Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasida malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati.
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Toshkent shahrida Belarus-Oʻzbekiston qoʻshma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti faoliyat boshladi. Bugungi kunda institutda 6 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 245 nafar talaba tahsil olmoqda.
Bugungi kunda Oʻzbekistonning 38 ta oliy taʼlim muassasasida Belarus Respublikasining 17 ta nufuzli oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlik qoʻshma dasturlari (double degree) boʻyicha kadrlar tayyorlanmoqda. Birgina joriy oʻquv yilida mazkur qoʻshma taʼlim dasturlariga 2741 nafar talaba oʻqishga qabul qilingan.
Belarus oliy taʼlim muassasalari bilan birgalikdagi qoʻshma taʼlim dasturlar doirasida yurtimizdagi hamkor universitetlarda 56 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 18 ta magistratura mutaxassisligida kadrlar tayyorlanmoqda. Mazkur dasturlarni muvaffaqiyatli yakunlagan talabalarga ikki tomonlama diplom beriladi.
Belarus taʼlim vaziri Igor Karpenko Oʻzbekiston oliy taʼlim sohasida hamkorlik boʻyicha Rossiya va Xitoydan keyin uchinchi oʻrinda turishini, Oʻzbekiston timsolida ishonchli hamkorni koʻrishini alohida qayd etib, oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarning drayveri boʻlishi lozimligini qoʻshimcha qildi.
Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti rektori Vadim Bogush oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish uchun ikki tomonda ham salohiyat yetarli ekanini taʼkidlab, Oʻzbekiston va Belarus OTM rektorlari forumini oʻtkazishni taklif qildi.
Vazir Abduqodir Toshqulov belaruslik hamkorlar takliflarini qoʻllab-quvvatlab, jamiyat rivojida zarur boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha malakali kadrlar tayyorlash qamrovini kengaytirish, qoʻshma taʼlim dasturlari salmogʻini oshirish gʻoyasini ilgari surdi.
Shuningdek, Belarus davlat universiteti bazasida Oʻzbek tili va adabiyoti markazini tashkil qilish, Belarus oliy oʻquv yurtlarida oʻzbekistonlik doktorantlar va aspirantlar uchun alohida grantlar joriy etish masalasi ham koʻrib chiqildi.
Oʻtkazilgan muzokaralar yakunida Oʻzbekiston va Belarus Respublikasining 10 ta oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik bitimlari tuzildi.
Uchrashuvlarning mantiqiy davomi Toshkent davlat texnika universitetida davom etdi. Mehmonlar uchun talabalar ishtirokida madaniy-maʼrifiy uchrashuvlar tashkil etildi.
— Belaruslik hamkorlarimiz bilan malakali kadrlar tayyorlash, oʻqitish jarayoninini modernizatsiya qilish borasida ijobiy natijalarga erishilyapti. Jumladan, Toshkent davlat texnika universiteti va Belarusdagi ikkita eng yirik oliy taʼlim muassasasi — Belarus milliy texnika universiteti va Belarus davlat texnologiya universiteti oʻrtasida shartnomalar imzolanib, koʻp yoʻnalishlar boʻyicha salmoqli ishlar bajarilyapti, — deydi Toshkent davlat texnika universiteti prorektori Ulugʻbek Mannonov. — Xususan, Toshkent shahrida Belarus-Oʻzbekiston qoʻshma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutining ochilishi ham juda katta gap. Birinchidan, talabalarimiz oʻqitishning Yevropada ommalashgan modul-kredit tizimida taʼlim oladi. Bundan tashqari, qoʻshma dasturlar boʻyicha hamkorligim ham bor. Bugungi kunda Belarus milliy texnika universitetida 130 nafar, Belarus davlat texnologiya universiteti 120 nafar talaba oʻqishni davom ettiryapti. Talabalarimiz 1-2-kursni bizning oliy taʼlim muassasamizda, 3-4-kursni Belarusda oʻqiydi. Yigit-qizlarimiz olgan bilimini Belarus Respublikasidagi BelAZ, Minsk traktor zavodi kabi yirik zavodlarda oʻtaydi.
Vazirlik axborot xizmati va Muzaffar Abdullayev
olgan suratlardan foydalanildi.