Ayni kunlarda Finlyandiyaning Oʻzbekiston bilan hamkorlik loyihalarini yoʻlga qoʻygan qator kompaniya rahbarlari va vakillari taʼlim sohasi boʻyicha qator loyihalarni amalga oshirish uchun mamlakatimizda boʻlib turibdi.

Mazkur tashrif doirasida talabalar almashinuvi hamda ilmiy tadqiqot ishlarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha xorijlik investorlar va Navoiy davlat konchilik instituti mutasaddilari oʻrtasida uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv avvalida mehmonlar institut faoliyati, yaratilgan sharoitlar bilan batafsil tanishtirildi. Shuningdek, “PK Safety and Rescue” kompaniyasi bosh direktori, Oulu konchilik instituti tadqiqotchi professori Pertti Korteyarvi oʻzining ilmiy tadqiqot ishlari hamda Oulu universiteti boʻyicha taqdimot qildi.

Muzokaralar yakunida Navoiy davlat konchilik instituti va Edunation kompaniyasi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Unga koʻra, Navoiy davlat konchilik instituti talabalari uchun Finlyandiyada taʼlim olish imkoniyatlari yaratiladi. Shuningdek, mazkur hamkorlik aloqalari talabalar, professorlar va ilmiy xodimlar almashinuvi va qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish orqali rivojlantiriladi.

Maʼlumot uchun: juda keng ilmiy bazaga ega Oulu universiteti Finlyandiyaning eng yirik universitetlaridan biri hisoblanadi. Oulu shahrida joylashgan oliy taʼlim muassasasi 1958-yilda tashkil etilgan. Universitetda 16 mingga yaqin talaba va 3 ming xodim ishlaydi. Ularning 200 dan ortigʻi professorlardir.

Dunyoning eng nufuzli reyting agentliklaridan hisoblangan Quacquarelli Symonds (QS) talqiniga koʻra, Oulu universiteti dunyo reytingida 408 oʻrinni band etgan.