“BelАz challenge 2025” — xalqaro taʼlim loyihasi boʻlib, u MDH mamlakatlaridagi texnik oliy oʻquv yurtlarining eng yaxshi talabalari orasida togʻ-kon sanoati muammolarini hal etish, mavjud masalalarga istiqbolli yechimlar topish boʻyicha noyob imkoniyat yaratuvchi platformadir.
Intellektual bahslarda 10 ta jamoa, shu jumladan, Oʻzbekistondan Nitu “Misis” ning Olmaliq filiali jamoasi ishtirok etdi.
Mazkur keng koʻlamli forumda Oʻzbekiston sharafini Nitu “Misis” Olmaliq filiali konchilik boshqarmasi jamoasi yuqori tayyorgarlik, muhandislik tafakkuri va jamoaviy ruhni namoyon etgan holda himoya qildi.
Qizgʻin kechgan bellashuvda talabalar umumjamoa hisobida 51 ochko jamgʻarib, Ural davlat konchilik universiteti, Sibir federal universiteti va boshqa oliy oʻquv yurtlari kabi kuchli raqobatchilarni ortda qoldirib, faxrli uchinchi oʻrinni egalladi.
Jamoa tarkibida Muxriddin Jumaqulov, Doniyоr Elerov va Kirill Ivanovlar bor edi.
Nitu “Misis” Olmaliq filiali professor-oʻqituvchilari rahbarligida talabalarning chempionatga tayyorgarligi ikki yarim oydan ortiq davom etdi.
Tizimli va intensiv mashgʻulotlar tufayli talabalarimiz rekord miqdordagi nominatsiyalarni qoʻlga kiritdilar:
- — Eng ilgʻor video vizitka;
- — «Ichki yonuv dvigatellarining issiqlik holati« ishini hal qilishda eng nostandart yondashuv;
- — Talabalar ligasining tan olinishi;
- — «BelАz obyektivda« fototanlovida gʻalaba.
Yakuniy reytingda Olmaliq filiali jamoasi faqat Sankt-Peterburg konchilik universiteti (1-oʻrin – 57 ochko) va Kuzbass texnika universiteti (2-oʻrin – 56 ochko)ga imkoniyatni boy berdi.
Nitu “Misis” jamoasining gʻalabasi nafaqat talabalarning shaxsiy muvaffaqiyati, balki Oʻzbekiston texnik taʼlimining xalqaro maydondagi nufuziga qoʻshilgan salmoqli hissadir.
Eslatib oʻtamiz, Filial ikki davlat prezidentlari Sh. Mirziyoyev va V.Putin tashabbusi bilan 2018-yil tashkil etilgan.









