Oʻzbekistonlik talabalarga Rossiyaga qaytishlariga ruxsat berildi

    Ta'lim 4 Aprel 2021 636

    Oʻzbekistonlik talabalar oʻqishni davom ettirish uchun Rossiyaga qaytishlari mumkin.

    Epidemiologik vaziyat yaxshi boʻlgan yana oltita mamlakatdan boʻlgan talabalar taʼlimni davom ettirish uchun Rossiyaga qaytishlari mumkin. Ular orasida Oʻzbekiston ham bor. Bu haqda Rossiya Oliy taʼlim vazirligi xabar qilmoqda.

    “Rossiya hukumatining 2021-yil 31-martdagi 814-r-sonli farmoyishi bilan Venesuela, Germaniya, Suriya, Tojikiston, Oʻzbekiston, Shri-Lankadan boʻlgan chet ellik talabalar, aspirantlar, ordinatorlar, tayyorlov fakultetlari tinglovchilari taʼlimni davom ettirish uchun Rossiyaga qaytishlari mumkin”, - deyilgan xabarda.

    Rossiya oʻz chegaralarini ochgan davlatlarning talabalari oʻz taʼlim muassasasini rejalashtirilayotgan sanadan oʻn kun oldin oldindan ogohlantirishlari shart. Shuningdek ular Rossiyaga kirib kelishdan uch kun oldin koronavirusga PSR-test topshirishlari zarur boʻladi.

    Bundan tashqari, Rossiyaga kelgandan keyin talabalar takroran test topshirishlari kerak boʻladi, test natijalari chiqquncha esa oʻz-oʻzini yakkalash tartibiga amal qilish zarur etib belgilangan.

    Kunduzgi taʼlim sanitar normalar va ijtimoiy masofa talablariga qatʼiy amal qilingan holatda boʻlib oʻtadi. RF Taʼlim vazirligi izohiga koʻra, respiratorli kasallik belgilari boʻlgan talabalarga oʻqishga kelish man qilingan.

    Rossiyaga kirish ruxsat berilgan mamlakatlar roʻyxati chet ellik talabalarga universitetlar tomonidan shaxsiy kabinetlar orqali, shuningdek, taʼlim muassasalarining ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi rasmiy sahifalari orqali yetkaziladi.

    Qoʻshimcha savollar yuzaga kelganda Rossiya Ilm-fan va oliy taʼlim vazirligining Situatsion markaziga murojaat qilish tavsiya etilgan telefon - +7(495)198-00-00, elektron manzil: scminobr@mail.ru

    Eslatib oʻtamiz, avvalroq Rossiya 25 mamlakat fuqarolariga mamlakatga oʻqishni davom ettirish uchun qaytishlariga ruxsat bergan edi.