Loyiha Oʻzbekiston va Italiya oʻrtasida mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, tibbiyot mutaxassislariga Yevropa davlatlarida qonuniy va xavfsiz mehnat faoliyatini tashkil etishni maqsad qiladi.
Pilot loyiha doirasida Toshkent va Samarqand shaharlaridan tanlab olingan 10 nafar oʻrta tibbiyot xodimlari til tayyorgarligisiz, sinov tariqasida Italiyada 3 oylik yuqori maoshli ish faoliyatini boshladi. Ular ish jarayonida italyan tilini oʻrganish va mahalliy tibbiyot tizimiga moslashish imkoniyatiga ega boʻladi.
Dasturning asosiy maqsadi — ikki davlat tibbiyot tizimlari oʻrtasidagi farqlarni tahlil qilish, ish usullarini taqqoslash va samarali integratsiyani taʼminlashdan iborat. Italiyalik mutaxassislar oʻz navbatida oʻzbekistonlik tibbiyot xodimlarining malakasini baholaydi.
Sinov guruhi Oʻzbekistonga qaytganidan keyin, kasb xususiyatlaridan kelib chiqib, maxsus oʻquv dasturi ishlab chiqiladi. Keyinchalik Italiyada ishlash istagini bildirgan 3500 nafar oʻrta tibbiyot xodimlari shu dastur asosida Oʻzbekistonda tayyorlanib, Italiyada ishga joylashtiriladi.
Migratsiya agentligi bu yoʻnalishdagi ishlar izchil davom ettirilishini, kelgusida boshqa Yevropa davlatlari bilan ham qoʻshma loyihalar amalga oshirilishini maʼlum qildi.








