Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Qatardagi elchixonamiz masʼullaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Dohada yana bir yirik ish beruvchi kompaniya rahbari Muhammad Al-Suvaydiy bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Navbatdagi yangi hamkor Qatardagi eng yirik tibbiyot muassasasi “Hamad Medical Corparation” boʻlib, mamlakatda koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlarning 90 foizi ushbu muassasa hissasiga toʻgʻri keladi.

Muloqotda, bugungi kunda Qatarda umumiy hisobda 12 ming hamshira mavjud boʻlsa, shundan atigi 70 nafari qatarliklar, qolgani chet elliklar ekani taʼkidlandi.

Uchrashuvda “Hamad” tibbiyot muassasasi va Migratsiya agentligi oʻrtasida hamkorlikka kelishib olindi.

Hamkorlar yiliga 1000 nafar hamshiraga ehtiyoji borligini bildirgan boʻlsa, Oʻzbekiston tomoni mamlakatimizda ish beruvchi talabi asosida maqsadli tayyorlashga barcha sharoitlarni yaratishini taʼkidladi.