“Dunyo” AAning xabar berishicha, ushbu nufuzli musobaqada yurtimiz sharafini 45 nafar iqtidorli yoshlarimiz munosib himoya qildi. Ular milliy saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, “Mind Sports” va “Math Warriors” kabi noodatiy formatlardagi bellashuvlarda oʻzlarining yuksak bilimlarini namoyon etdilar.
Quvonarlisi, final bosqichida Oʻzbekiston yosh matematiklari 4 ta oltin, 3 ta kumush va 9 ta bronza medalini qoʻlga kiritishdi. Shuningdek, 13 nafar vakilimiz ragʻbatlantiruvchi diplom, 30 nafari esa olimpiadadagi faol ishtiroki uchun maxsus sertifikat bilan taqdirlandi.
Olimpiada gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida soʻzga chiqqan “SIMOC” tashkilotchilari mamlakatimiz delegatsiyasining tayyorgarligi va ishtirokini yuqori baholab, kelgusida ushbu xalqaro olimpiadaning muayyan bosqichini Oʻzbekistonda oʻtkazish masalasini koʻrib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.







