Tanlov jarayonining shaffofligi va sifatini taʼminlash maqsadida vazirlik huzuridagi Ekspert guruhi aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi va Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasidan qoʻshimcha ekspertlar jalb etildi. Vazirlik va idoralardan tegishli tartibda taqdim etilgan 32 nafar nomzodlar va ular toʻgʻrisidagi maʼlumot (hujjat)lar hamda nomzodlarning ilmiy stajirovka taqdimotlari himoyasi chuqur tahlil qilindi.
Respublikamizdagi koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda nomzodlarning taqdimot himoyalari “Zoom” platformasida onlayn formatda videomuloqot shaklida oʻtkazildi.
Saralash jarayoni yakunlariga koʻra, oʻsimliklar, ekinlarni yaxshilash va ekotizimini tiklash yoʻnalishi boʻyicha 2 nafar; yaylovlar, yaylovlar ekologiyasi va chorvachilikni boshqarish yoʻnalishi boʻyicha 2 nafar; amaliy meteorologiya, iqlimshunoslik va masofadan zondlash yoʻnalishi boʻyicha 3 nafar; tuproq ekologiyasi va yer resurslaridan oqilona foydalanish yoʻnalishi boʻyicha 3 nafar jami 10 nafar nomzod Maqsadli tanlov gʻoliblari sifatida maʼqullandi. 22 nafar nomzod Ekspert guruhi xulosasiga asosan rad etildi.
Eslatib oʻtamiz, ayni vaqtda vazirlik tomonidan 2020-yilning 30-sentyabriga qadar yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlar (markazlar, universitetlar va boshqalar), shu jumladan, ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini oʻzlashtirish uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish boʻyicha tanlov davom etmoqda. Uni oʻtkazish bilan bogʻliq tartib va talablar haqida Innovatsion rivojlanish vazirligining rasmiy veb-sahifasi www.mininnovation.uz orqali batafsil maʼlumot olishingiz mumkin.