Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev Bolgariya avtotransportchilar palatasi (CBRH) boshqaruv kengashi raisi Petko Angelov bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda hamyurtlarimizni Bolgariyada ishga joylashtirish, ularni tayyorlash jarayoni hamda litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari bilan hamkorlik mexanizmlari muhokama qilindi.
Bolgariya tomoni transport va logistika sohasida kadrlarga ehtiyoj yuqori ekanini maʼlum qildi. Taʼkidlanishicha, diagnostik uskunalar va elektron tizimlar bilan qisqa adaptatsiyadan soʻng ish boshlay oladigan mexanik va texnik mutaxassislar malakasi hamda vazifasiga qarab 2500 yevrogacha maosh olishlari mumkin.
Shuningdek, haydovchilar uchun Yevropa Ittifoqi qoidalari asosida maxsus tayyorgarlikdan oʻtish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida amaliy hamkorlikni rivojlantirish, pilot loyihani yoʻlga qoʻyish va maxsus oʻquv kurslarini tashkil etish boʻyicha kelishuv imzolandi.