Joriy yilning 16-23-may kunlari Ozarbayjon Respublikasining poytaxti Boku shahrida XIII Xalqaro mugʻom festivali boʻlib oʻtdi.
Mazkur festivalda Oʻzbekistondan R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi, Namangan 1-son Bolalar musiqa va sanʼat maktabi, Buxoro Maqom sanʼatiga ixtisoslashtirilgan maktab internati hamda Romitan 12-son Bolalar musiqa va sanʼat maktabining 16 yoshgacha boʻlgan 6 nafar oʻquvchilari ishtirok etdi.
Festival yakunlariga koʻra, oʻnga yaqin davlatlar orasidan 1 oʻrinni R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi oʻquvchisi Umarjon Akmalov band etdi.
Namangan 1-son Bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʻquvchisi Madina Karimjonova hamda R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi oʻquvchisi Sardor Narzullayevlar 2-oʻrinni egalladi.
Abdurauf Fitrat nomidagi Buxoro maqom sanʼatiga ixtisoslashtirilgan maktab internati oʻquvchisi Ogʻabek Axtamovga esa faxrli 3-oʻrin nasib etdi.
Shu bilan birga, festivalning “Eng yosh mugʻom ijrochisi” sifatida R.Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi oʻquvchisi Umarjon Akmalov eʼtirof etildi.