Bu imkoniyat Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Qatarning “Jusour” rekruting kompaniyasi oʻrtasida imzolangan oʻzaro hamkorlik kelishuvi doirasida taqdim etilmoqda.
Ushbu yangilik haqida agentlikning “Xorijda ish” rasmiy Telegram kanali orqali maʼlumot berildi.
Belgilangan tartibga koʻra, ishga qabul qilish uchun nomzodlarga aniq talablar qoʻyilgan boʻlib, unga koʻra talabgorlar 18 yoshdan 45 yoshgacha boʻlishi lozim.
Shuningdek, nomzodlardan ingliz tilini kamida A2 darajada bilishi yoki IELTS 5 natijasiga ega boʻlishi talab etiladi. Arab tilini mukammal biladigan fuqarolarga esa saralash jarayonlarida qoʻshimcha ustunlik berilishi koʻzda tutilgan.
Ishga joylashishning barcha jarayonlari maxsus “Tawzeef” platformasi orqali amalga oshiriladi.
Nomzodlar ushbu saytda eʼlon qilingan turli yoʻnalishdagi vakansiyalar bilan tanishib chiqib, oʻzlariga mos keladigan lavozimlarga shaxsiy rezyume (CV) yuborishlari mumkin. Yuborilgan maʼlumotlar kompaniya vakillari tomonidan koʻrib chiqilib, maʼqul kelgan nomzodlar bilan elektron pochta orqali aloqaga chiqiladi va ular suhbat jarayoniga taklif etiladi.
Saralashning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan oʻzbekistonliklar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan uch tomonlama shartnoma tuzadilar. Shundan soʻng ular uchun Qatar davlatiga borish va ishlash uchun zarur boʻlgan viza hujjatlari belgilangan tartibda rasmiylashtirib beriladi.