баннер
23 Apr 2025
12:04

    Oʻzbekistonliklarga nemis tilini oʻrganish, Germaniyada ish va yashash joylari bilan taʼminlashda yordam beriladi

    Germaniya mehnat bozoriga Oʻzbekistondan mutaxassislarni jalb qilishga qaratilgan uch tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi.

    Bu haqda “Dunyo” AA mamlakatimizning Berlindagi elchixonasiga tayanib xabar bermoqda.

    Imzolangan memorandumga koʻra, nemis tomoni yurtimiz mutaxassislarini gastronomiya, oziq-ovqat logistikasi, logistika va goʻsht mahsulotlarini qayta ishlash sanoati sohalarida Germaniya korxonalarida ishlashga tayyorlash uchun dual kasbiy taʼlim oʻquv yurtlarida oʻqish jarayonini yengillashtirish maqsadida til kurslari taklif etadi.

    Shuningdek, saralangan mutaxassislarga viza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish, Germaniyada kutib olish, ish va yashash joylari bilan taʼminlash va roʻyxatdan oʻtkazish ishlarida yaqindan yordam beradi.

    Toshkent shahrida kompaniyamizning ”International People Education GmbH“ til oʻquv markazi oʻz faoliyatini boshladi. Hozirgi kunda oʻquv markazida nemis tili bilim darajasini aniqlash boʻyicha xalqaro til sertifikatlari olish uchun moʻljallangan til kurslari hamda kasbga yoʻnaltirilgan maxsus til kurslariga qatnashish imkoniyati mavjud”, dedi oʻquv markazi rahbari Akbar Faxriyev.

    Shuningdek, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Inklyuziv dual taʼlim markazi “International People IP GmbH and Co. KG” bilan hamkorlikda ochildi.

    Nemis kompaniyasi delegatsiyasining joriy aprel oyida Oʻzbekistonga safari, “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” vakolatxonasi va “Mikrokreditbank” bilan birgalikda amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqishi kutilmoqda.

    Ushbu memorandum Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida imzolangan migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik toʻgʻrisidagi bitim ijrosini taʼminlash yoʻlidagi navbatdagi amaliy qadamlardan biri boʻlib xizmat qiladi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech