Qozogʻiston chegarasini noqonuniy kesib oʻtganlik uchun javobgarlik keskin kuchaytirildi

    Oʻzbekistonning Aktau shahridagi Bosh konsulligi qoʻshni Qozogʻiston Respublikasida davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtish holatlari ortib borayotgani haqida ogohlantirdi.

    Soʻnggi kunlarda Oʻzbekiston fuqarolari tomonidan davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtishga urinish holatlari qayd etilgan. Qozogʻiston Respublikasi vakolatli idoralar maʼlumotlariga koʻra, ushbu shaxslar qoʻlga olingan va jinoyat kodeksining 392 va 394 moddalari boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortilgan.

    Shuningdek, joriy yilning sentyabr oyidan boshlab qoʻshni davlat ushbu turdagi huquqbuzarliklar uchun jazoni yanada qatʼiylashtirgan. Endilikda chegarani buzish holatlari uzoq muddatli qamoq jazosiga sabab boʻlishi mumkin.

    Bosh konsullik vatandoshlarni noqonuniy sxemalarga aldanmaslikka, davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtish yoki bunga urinish jinoiy javobgarlikka olib kelishini unutmaslikka chaqirdi.